O‘qituvchilarni xursand qiladigan yangiliklar bor
Vazirlar Mahkamasining 425-sonli qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritildi. Ba’zi o‘zgarishlar ko‘pchilik pedagog xodimlarga yoqmagani rost. Ammo mazkur qarorda ularni xursand qiladigan yangiliklar ham yo‘q emas. Chunki ushbu hujjat bilan «Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi to‘g‘risida»gi Nizom ham
tasdiqlandi.
Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi orqali esa tizimda faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlar har oylik qo‘shimcha ustama, ilg‘or xodimlar esa bir martalik pul mukofoti olishlari mumkin.
Malakali pedagog kadrlarga beriladigan har oylik ustama hamda bir martalik pul mukofot summasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari ya’ni hozirgi vaqtdagi 5 mln 60 ming so‘mni tashkil etadi.
Har oylik ustama to‘lanadigan nomzodlarni saralash ishlari Vazirlik tomonidan tuzilgan hamda faol jamoatchilik vakillaridan iborat Ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Har oylik ustama u belgilangan kundan boshlab 9 oy davomida, bir martalik pul mukofotlari Xalq ta’limi vazirining buyrug‘i chiqqan vaqtdan boshlab to‘lab beriladi.
❕E’tibor bering, ushbu ustamalarni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar oylik maoshidan tashqari har oyda 5 mln 60 ming so‘mdan qo‘shimcha haq olishga erishadi. 9 oyda bu summa 45 mln 540 ming so‘mni tashkil qiladi. To‘g‘ri ushbu ustamalarni qo‘lga kiritish uchun bir qancha sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘ziga ishongan malakali pedagog xodimlar bu sinovlardan bemalol o‘ta olishiga ishonamiz.
P.S: Ustama va bir martalik mukofot puliga davogar pedagog xodimlarni saralash ishlari qay tartibda olib borilishi haqida keyinroq qo‘shimcha ma’lumot beramiz.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:50