O‘quvchilarning ota-onalaridan kafolat xati olish qanchalik to‘g‘ri?
Kafolat xati… O‘zi bu qanday rasmiy hujjat? Nima uchun sinf rahbarlar o‘quvchilar ta’tilga chiqishidan oldin ota-onalardan farzandlari o‘zlarini qanday tutishlari kerakligi haqida kafolat xati talab qiladi? Bu o‘qituvchilarga nima beradi?
“Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining sinf rahbarlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi nizomda o‘quvchilarning darsdan keyingi paytdagi xatti-harakatlari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq ularning ota-onalari javobgar hisoblanishi, bunday holatlarda esa sinf rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilmasligi alohida band sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, Oila kodeksining 73-moddasida ota-onalar farzandlarini tarbiyalashga mas’ul ekanligi bayon etilgan. Ular farzandlarining salomatligi, aqliy, jismoniy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishi uchun g‘amxo‘rlik qilishlari shart.
Shunday ekan kafolat xati yozdirib olsangiz ham, yozdirmasangiz ham barcha ota-onalar o‘z farzandining har qanday xatti-harakatlari uchun o‘zlari javobgar bo‘ladi. Shu sababli ota-onalardan noqonuniy ravishda yozma kafolat xati talab etib, ular orasida norozichilik keltirib chiqarish noto‘g‘ri.
P.S: O‘quvchi darsdan tashqari paytda qandaydir qilmish sodir qilsa buning uchun pedagog xodimlar javob bermasligini hammaga tushuntirish kerak. Hech bo‘lmasa ta’til paytida o‘quvchilarning xati-harakati uchun ota-ona javob bersin. Bu qonunchilikda ham belgilab qo‘yilgan. Aslida o‘qituvchilar shunday qilaverib hamma mas’uliyatni o‘z zimmasiga yuklab olmoqda.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 22:09:34