Ro’zaga oid asosiy savol-javoblar
Ro’za bilan bog’liq ikkilantiruvchi savollarga ilmiy javoblarni havola qilamiz.
Savol: Ro‘zador odam tish pastasi bilan tishini tozalasa bo‘ladimi?
Javob: Ro‘zador holatda tish pastasini ishlatish makruh. Lekin tomog‘idan ichkariga o‘tib ketmasa, ro‘za ochilmaydi.
Biror narsani og‘ziga solib, tatib ko‘rish makruh. Lekin bunda ro‘za ochilmaydi (lekin tatib ko‘rgan narsasini yutib yuborsa ro‘za ochiladi).
Savol: Ukol (in’yeksiya) qilish bilan ro‘za buziladimi?
Javob: Ulamolar mushaklar orasiga, yonboshga ukol qilish bilan ro‘za buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Teri orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi.
Odatiy yo‘llardan boshqa joylar orqali terining orasiga narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o‘tishi ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
Savol: Tish oldirsa ro‘za ochiladimi?
Javob: Ro‘zaning ochilish-ochilmasligi tomoqdan biror narsa o‘tish-o‘tmasligiga bog‘liq. Tish oldirayotganda tomoqdan biror narsa o‘tib ketmasa, ro‘za ochilmaydi.
Savol: G‘arg‘ara qilish bilan ro‘za ochiladimi?
Javob: Ro‘zador kishining g‘arg‘ara qilishi makruh. Ichkariga suv ketib qolsa, ro‘za ochiladi.
Savol: Esdan chiqarib yeb-ichgan odam esiga tushgach taomlanib qo‘ysa, ro‘zasi ochiladimi?
Javob:
1) Esdan chiqarib yeb-ichish bilan ro‘za ochilmaydi.
2) Esdan chiqarib yeb-ichgandan keyin «Ro‘zam ochildi» deb o‘ylab taomlanib qo‘ysa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat vojib bo‘lmaydi.
3) Esdan chiqarib yeb-ichib qo‘ysa, ro‘za ochilmasligini bilaturib taom yeb qo‘ysa qazo ham, kafforat ham vojib bo‘ladi. Qayt qilishning hukmi ham shunday: qayt qilgach, «endi ro‘zam ochildi» deb o‘ylab, taom yeb yuborsa, qazo lozim bo‘ladi, kafforat emas. Lekin bu ish ro‘zani ochmasligini bilaturib taomlanib yuborsa, kafforat ham vojib bo‘ladi.
Savol: G‘iybat qilsa, yolg‘on gapirsa ro‘za ochiladi, deb o‘ylagan kishi g‘iybat qilib qo‘yib, qasddan taom yesa kafforat lozim bo‘ladimi?
Javob: Shunday deb o‘ylab, qasddan yeb-ichib yuborsa, qazo ham, kafforat ham vojib bo‘ladi.
Savol: Ro‘zador kishi isiriq, bug‘ va shunga o‘xshash narsalarni hidlasa ro‘zasi ochiladimi?
Javob: Ro‘zadorligi esida turib, qasddan tutun yutsa, isiriq hidini yutsa, dorivor o‘tlarning bug‘ini og‘iz-burni bilan ichiga yutsa, ro‘zasi ochiladi.
Savol: Suriladigan dori (maz) va shu kabi vositalarni badanga surtsa, ro‘za ochiladimi?
Javob: Ro‘za ochilmaydi. Terining orasidan yog‘ kabi narsalarning ichkariga kirishi ro‘zani ochmaydi.
Savol: Ro‘zador sho‘r suvda og‘zini chaysa bo‘ladimi?
Javob: Suv chuchuk bo‘lsin, sho‘r bo‘lsin, ro‘zador u bilan tahorat olsa ham, og‘zini chaysa ham bo‘ladi.
Savol: Kasal va musofir Ramazon oyida ro‘za tuta olmasa-da, o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishi kerakmi?
Javob: Ramazon kunlarida bemor bo‘lgan va safarga chiqqan kishilar ro‘zadorga o‘xshab o‘zini yeb-ichishdan to‘xtatib turishlari lozim bo‘lmaydi. Lekin taomlanmoqchi bo‘lsalar oshkora emas, balki odamlardan xoliroq joyda taomlanishlari afzal.
“Mo‘minning qalqoni” kitobidan olindi.
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:15