Eru xotin o‘rtasida muhabbat bo‘lmasa, ajrashish kerakmi?
Ibnul Javziy rohimahulloh rivoyat qiladi:
“Bir kishi Umar roziyallohu anhuning huzurlariga kelib dedi:
– Ey mo‘’minlar amiri! Men xotinimni taloq qilmoqchiman.
Umar roziyallohu anhu:
– Nega? – dedilar.
U kishi:
– Chunki men uni sevmayman, – dedi.
Umar roziyallohu anhu:
– Hamma uylar muhabbat asosiga quriladimi?! Muruvvat qani? Himoyat qani? – dedilar.
Bir kishi xotinidan qasam ichdirib so‘radi:
– Alloh nomi bilan so‘rayman, meni sevasanmi?
Xotin dedi:
– Menga qasam ichdirding. Rostini aytmasam bo‘lmaydi. Seni yaxshi ko‘rmayman!
U kishi Umar roziyalohu anhuning huzurlariga xotinidan shikoyat qilib bordi. Umar roziyallohu anhu uning xotinini chaqirtirib dedilar:
– Eriga sevmayman, degan ayol senmisan?
Xotin dedi:
– U menga qasam ichirdi. Yolg‘on aytishim kerakmidi?!
Umar roziyallohu anhu dedilar:
– Ha, yolg‘on aytishing kerak edi. Sizdan biringiz erini yoqtirmasa, uni eriga aytmasin. Chunki muhabbat ustiga bino qilingan uylar juda ozdir. Ammo insonlar bir-birlari bilan islom va ehson asosida munosabatda bo‘lishadi!
Bu ikki hikoyani muhabbatning o‘rni yo‘qligiga, yoki uni kamsitish uchun dalil qilinmaydi. Bu yerda bunga o‘rin yo‘q. Muhabbat er-xotinning o‘rtasini mustahkamlovchi omil ekanligiga aqlli inson shak qilmaydi. Bu hikoyalarni tig‘ suyakka qadalsa, muhabbat yo‘qligi bahonasida oila buzilish yoqasiga kelib qolsa, dalil qilinadi.
Uylarning qoim bo‘lishi va nikohning bardavomligi faqatgina muhabbat bilan bo‘lmaydi. Agar xotiniga nisbatan qalbida Majnunning Layloga bo‘lgan muhabbati kabi muhabbati yo‘q kishilar ajralib ketaverganida jamiyatda barmoq bilan sanarli oilalargina qolgan bo‘lar edi. Agar eriga nisbatan Izzatning Kusayyirga bo‘lgan muhabbati kabi muhabbati bo‘lmagan ayollar eridan ajralib ketaverganida shaharda futbol maydonidagi o‘yinchilar soni miqdorida oila qolgan bo‘lar edi. Ammo uylar qoim turibdi. Hayot  davom etayapti. Zero, dunyoda xonadonlar qoim turishi uchun qalbdan boshqa ham lozim bo‘lgan narsalar bisyor.
Islom bekordan-bekorga oila o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlash va ikki tomonni xursand qilish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat bergani yo‘q. Buyuk islom erning o‘z xotiniga “go‘zal emassan” deyishini garchi gapi rost bo‘lsada, rostgo‘ylik emas, pishmaganlik deb biladi. Xotinning garchi haq bo‘lsada o‘z erini uning sha’nini yerga urish uchun boshqa erkaklarga solishtirishini yomon xulq deydi.
Oila muhabbat asosida qurilsa bosh ustiga, bu yaxshi ish bo‘ladi. Bordi-yu muhabbat yo‘q bo‘lsa, u bilan birga ehtirom ham, axloq ham yo‘qolishi va uyda urush tegirmoni aylanishi kerak emas. Hayot turk seriali emaski, unda har kecha stol ustida romantik shamlar yoqib qo‘yilsa. Hayot bu sevgi haqidagi roman emaski, unda sevishganlar bir-biriga yetisha olmasa, roman zerikarli va bir xil bo‘lib qolsa… Hayot, bu – voqelik.
Shifti muhabbat, devorlari ishq va anjomlari mehr bo‘lgan oila eng go‘zal oiladir. Muhabbat rizqning eng go‘zalidir. Sayyidimiz sallollohu alayhi va sallam Hadicha onamiz roziyallohu anho haqlarida: “U shunday ayolki, men uning muhabbati ila rizqlandim”, deganlar. Muhabbat yo‘q bo‘lsa, ehtiromning ham yo‘q bo‘lishini oqlab bo‘lmaydi. Muhabbat oz bo‘lsa, bu hayot tugadi degani emas!
Hayotda shunaqa yo‘llar borki, biz uni emas, u bizni tanlaydi. Bizning gardanimizga u yo‘lda o‘nqir-cho‘nqirlar, chuqurlar bo‘lsa-da, uning oxirigacha borish vazifasi turibdi. Gohida mushkulot bilan birga yashash o‘sha mushkulotning yechimi hisoblanadi!
A.Samarqandiy
Joylangan vaqt: 2022-08-27 21:59:06