XOʻJAYEV Olim (1910.24.9, Buxoro 1977.14.2, Moskva, Toshkentga dafn qilingan) — aktyor, rej., jamoat arbobi. Oʻzbekiston xalq artisti (1948). Buxoro maorif bilim yurtini tugatgan (1929). 1929—77 y. lar Hamza teatrida aktyor (1975—77 y. lar direktor). 30-y. lar Kalaf (K. Gossi, «Malikai Turandot»), Yarovoy (K. Trenyov, «Lyubov Yarovaya») kabi obrazlarni yaratdi. Yuksak ijrochilik mahorati, sahnaviy jozibasi, maʼnoli va nafis harakatlari, talaffuzining ravon va ohangdorligi — sanʼatkorning oʻziga xos ijodiy tabiatini belgiladi. Ijodi davomida 100 dan ortiq obrazlar yaratdi. Ularning badiiy darajasi — aktyorning xarakterli rollardan kura, eʼtiqodli, fozil va chuqur falsafiy fikrlaydigan, qatʼiyatli shaxslar obrazini gavdalantirishga moyilligi koʻproq sezildi. Oʻzbek teatri tarixidan oltin sahifa boʻlib oʻrin olgan obrazlaridan biri Hamlet (U. Shekspir, «Hamlet»)dir. U yaratgan Hamlet kuchli ehtirosi va ulugʻvorligi bilan ajralib turadi (30 y. davomida uzluksiz ijro etgan). Aktyor Hamza (K. Yashin, A. Umariy, «Hamza») obrazini yaratish bilan ham oʻz ijodida alohida sahifa ochdi. Qahramoniga xos sergʻayrat harakatlar, shoirona tabiati, ichki va tashqi qiyofasini ochishda Hamza bilan shaxsan tanish boʻlgani katta yordam berdi. Aktyor oʻz qahramonini ijtimoiypsixologik obraz darajasiga koʻtarib muvaffaqiyat qozondi («Uzbekfilm»da yaratilgan «Hamza» badiiy film»da ham Hamza obrazi X. tomonidan yaratilgan). «Alisher Navoiy» (Uygʻun, I. Sulton) dramasidagi Navoiy obrazi nafaqat teatr tarixida, balki aktyor ijodida ham aloxida oʻringa ega. Xayotga chinakam ijodkor koʻzi bilan qaragan, oʻzbek xalqining porloq kelajagiga ishonchini oʻz asarlarida ehtiros bilan kuylagan, davlat ichidagi ijtimoiy ziddiyatlar, xalq va saroy oʻrtasidagi qaramaqarshiliklarni aqlidrok kuchi bilan hal qilgan dovyurak shoir va ulugʻ mutafakkir qiyofasini yorqin gavdalantira oldi. Navoiy obrazini lirikfalsafiy yoʻsinda hal etib, insoniy, ijtimoiy va ijodiy faoliyatini uning shoirlik tabiati bilan ochib berdi. X. bu rolni sahnada 25 y. davomida ijro etdi va Davlat mukofotiga sazovor boʻldi (1949). Karl Moor (F. Shiller, «Qaroqchilar»), Sattor (B. Rahmonov, «Yurak sirlari»), Chjin Gun (Van Shi Fu, «May toʻkildi»), Astrov (A. Chexov, «Vanya togʻa»), Nolinakxa (R. Tagor, «Gang daryosining qizi»), Polvonov (S. Azimov, «Yulduzlar jamoli»), Sodiq Sobirovich (Uygʻun, «Qotil») kabi obrazlari aktyor ijodining yangi qirralarini ochdi. «Imon» (I. Sulton) dagi Komilov obrazi oʻzining badiiy yaxlitligi, hayotiyligi bilan ajralib turadi. Obraz bilan aktyor oʻrtasidagi uygʻunlik, tengqurlik, ularning axloqiy, maʼnaviy va insoniy qarashlar jihatidan bir-biriga yaqinligi, inson psixologiyasini yaxshi bilishi sanʼatkorga sahnada ziyolining badiiy umumlashma qiyofasini gavdalantirishga imkon berdi. X. Paratov (A. Ostrovskiy, «Sepsiz qiz»), Solihboy (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), ayniqsa, Yago, Yuliy Sezar (U. Shekspir, «Otello», «Yuliy Sezar») kabi salbiy obrazlarni mohirona talqin etdi. Aktyor saxnada yaratgan yirik obrazlaridan yana biri Qirol Lir (U. Shekspir, «Qirol Lir») boʻlib, bu obrazni aktyor psixologik oʻtkir, ijtimoiy, falsafiy va gʻoyaviy mazmunga toʻla tarzda gavdalantirdi. Salvador Alyende (V. Chichkov, «Chili, senga ishonaman»), Kreont (Sofokl, «Antigona»), Mattias Klauzen (N. Gauptman, «Quyosh botish arafasida») kabi gʻoyaviybadiiy mukammal obrazlarni aktyor umrining soʻnggi yillarida yaratgan.
X. rejissyor sifatida «May toʻkildi» (Van Shi Fu), «Abu Rayhon Beruniy» (Uygʻun), «Yurak sirlari» (B. Rahmonov), «Boy ila xizmatchi» (Hamza, Bolgariyaning Xaskovo teatrida) singari spektakllarni sahnalashtirgan. Kinoda Hakimboyvachcha («Qutlugʻ qon»), Davronbek («Farzandlar»), Obiliy («Umid») kabi rollari bilan tanildi. Oʻzbekiston teatr arboblari uyushmasining raisi (1955—77). Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2002).
Sirdaryo teatri, Buxoro madaniyat kolleji, Toshkent oʻrta maktablaridan biriga X. nomi berilgan.
Ad.: Feldman Ya. S, Olim Xoʻjayev, T., 1961.
Frunze Joʻrayev.