XABAR BERMASLIK

XABAR BERMASLIK (jinoyat huquqida) — odil sudlovga qarshi jinoyat turi. Tayyorgarlik koʻrilayotgan yoki sodir etilgan ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat haqida aniq bilgani holda davlat hokimiyati yoki huquqni muxofaza kiluvchi organlarga xabar qilmaslik jinoyatga daxldorlik hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi JKda buning uchun jazo chorasi belgilangan (241-moddaning 1-qismi). Jinoyat haqida Xabar bermaslikning ijtimoiy xavflilik darajasi jinoyat huquqi nazariyasida ham, jinoyat qonunida ham taʼkidlab oʻtilgan. Qonunda faqat ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar haqida xabar bermaganlik uchungina javobgarlik belgilangan. Agarda shaxs ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar toʻgʻrisida xabar bermaydigan boʻlsa, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.