XABAROVSK

XABAROVSK (1893-y. gacha Xabarovka) — RFdagi shahar (1880-y. dan), Xabarovsk oʻlkasi markazi, Amur daryosining oʻng sohilidagi port. Uzoq Sharqning muhim transport yoʻllari chorrahasi. T. y. stansiyasi. Aeroport bor. Aholisi 583,1 ming kishi (2002).

Shahar 1858-y. Xabarovka harbiy posti sifatida vujudga kelgan, 1880-y. dan Primorye viloyatining maʼmuriy markazi. 1884-y. dan Priamurye generalgubernatorligi markazi. 1893-y. dan rus sayyohi Ye. P. Xabarov sharafiga X. deb atalgan. 1902-y. da Xabarovskda «Arsenal» harbiy zavodi qurilgan. 1904-y. dan Amur harbiy flotining bazasi. 20-a. boshlarida X. Uzoq Sharqning yirik savdo markaziga aylandi. 1926—38 y. larda Uzoq Sharq oʻlkasi markazi.

Mashinasozlik va metallsozlik (stanoksozlik, kemasozlik va kema taʼmirlash, kabel va b. zavodlar), neftni qayta ishlash, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor; qurilish materiallari ishlab chiqariladi, kimyofarmatsevtika zavodi faoliyat koʻrsatadi. 8 oliy oʻquv yurti, 7 i. t. instituta, 3 teatr, oʻlkashunoslik, adabiyot, badiiy muzeylar, telemarkaz bor. Shahar atrofida 3 sanatoriy, dam olish uylari mavjud.