XOʻJA SINON

XOʻJA SINON (1489/1490, Kaysari — 1588, Istanbul) — turk meʼmori va muhandisi, 1538-y. dan Sulton Sulaymon I huzurida bosh meʼmor. X. S. Vizantiya meʼmorligini ijodiy oʻrgangan. Uning bevosita rahbarligida juda koʻp saroy, masjid, maqbara, istehkom, koʻpriklar va b. inshootlar bunyod etilgan. X. S. yaratgan binolar, asosan, markaziy gumbazli boʻlib, ulugʻvorligi, interyerlarining kengligi va hashamatliligi, yaxlit mujassamoti bilan diqqatga sazovor: Istanbuldagi Shahzoda (1548), Sulaymoniya (1550—57), Edirnedagi Salimiya (1569—75), Yevpatoriya (Ukraina)dagi Jome (1552) masjidlari va b.