XOJA AHROR MAJMUASI

XOJA AHROR MAJMUASI — Samarqand atrofidagi meʼmoriy yodgorlik (15—20-a. lar); Samarqand tumanidagi Ulugʻbek qishlogʻi hududida. Xoja Axror qabri yaqinida turli davrlarda bunyod etilgan Nodir Devonbegi madrasasi, ikki ayvon, masjid, minora hamda hovuzli hovlidan iborat majmua. Majmuaning markazi 8 yoqli hovuz, uning jan. da Xoja Axrorning oq marmarli qabrtoshi bor, qabrtoshiga arab yozuvida husnixat bilan marsiya yozilgan. Shim. da Nodir Devonbegi madrasasi, toʻrtburchak hovlining atrofida hujralar joylashgan; hovlining gʻarbida ayvon bor, bezaklari 17-a. ga xos, marmar kursili ustunlar boshasi muqarnasli, shifti 3 qismga boʻlinib, yulduzsimon shakldagi hovuzaklar ishlangan. Ikkinchi murabba tarxli ayvonning sharqiy tomoni ochiq, qolgan uch tomoni kalin devor bilan oʻralgan, devorlariga chuqur ravoqlar ishlangan; yon tomonidan masjidga kiriladi. Masjid sinchli bino boʻlib, toʻgʻri toʻrtburchak tarxli, yogʻoch ustuntoʻsinli, shifti vassali, nafis naqshlar bilan serhasham bezatilgan. Masjid izorasiga koshinkori naqshlar ishlangan, mexrob va ravoklari muqarnaslar bilan toʻldirilgan, yuqoridagi hoshiya qatorlar qirma usulida bajarilgan. Hujralar hovlining shim. da joylashgan, sodda, bezaksiz. Hovuz yonida tagi 6 qirrali minora qad koʻtargan. Taʼmir vaqtida tomi tunuka bilan yopilgan. Taʼmirlashda usta Saʼdulla (1909), ganchkor usta T. Ismoilov (1921), duradgor usta Hafiz va b. qatnashgan.

Ad.: Zaxidov P., Samarkandskaya shkola zodchix, T., 1965.