XARBIN

XARBIN — Xitoyning shim. sharqiy qismidagi shahar. Xeylunszyan provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 9,2 mln. kishi (1998). Sungari daryosining oʻng sohilida. Yirik t. y. chorrahasi, daryo porti. Aeroport bor. Mamlakatning muhim sanoat, ilmiy va madaniy markazi. Yetakchi sanoat tarmogʻi — mashinasozlik, xususan, elektrotexnika, elektroenergetika, transport, stanoksozlik, priborsozlik va b. Yogʻochsozlik, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Xarbinda 15 dan ortiq oliy oʻquv yurti, muzey va teatrlar bor. Shaharga 1898-y. da Xitoy Sharqiy t. y. ning qurilishi bilan asos solingan.