VOYAGA YETMAGANLAR — amaldagi OʻzR qonunchiligiga koʻra, 18 yoshga yetmagan fuqarolar. Voyaga yetmaganlarni tarbiyalash vazifasi — davlat burchi, fuqarolarning esa konstitutsiyaviy majburiyati hisoblanadi. OʻzR Konstitutsiyasida fuqarolar kabi Voyaga yetmaganlarning bilim olish, mehnat qilish, dam olish, mulqdor boʻlish kabi huquqlari taʼminlangan (36,40,41-moddalar). Oʻzbekiston Respublikasi FKda 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan Voyaga yetmaganlarning muomala layoqati belgilangan, ular ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va homiylari roziligisiz mustaqil ravishda:
1) oʻz ish haqi, stipendiyasi va b. daromadlarini tasarruf etish;
2) fan, adabiyot yoki sanʼat asarining, ixtironing yoxud oʻz intellektual faoliyatining qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa natijasining muallifi huquqini amalga oshirish; 3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qoʻyish va ularni tasarruf etish;
4) mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzishga haqpi ekanligi koʻrsatilgan, boshqa bitimlarni ular oʻz ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Ular roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoki mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan 16 yoshga toʻlgan Voyaga yetmaganlar muomalaga toʻla layoqatli deb eʼlon qilinishi mumkin (27-, 28-, 29-moddalar). Voyaga yetmaganlar mehnatga oid munosabatlarda katta yoshdagi xodimlarga tenglashtiriladi, lekin mehnat muhofazasi, ish vaqgi, taʼtillar berish va b. mehnat shartlari boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanadi. OʻzR Mehnat kodeksida 18 yoshga toʻlmagan shaxslarni ishga qabul qilishdagi kafolatlar, ularning mehnatga oid huquqlari va h. k. belgilab berilgan (239—247-moddalar). Voyaga yetmaganlarning jinoiy ishlarini yuritishda maxsus qonun meʼyorlari orqali qoʻshimcha huquqlar kafolatlangan (q. Voyaga yetmaganlar javobgarligi). OʻzR Vazirlar Mahkamasi, viloyat, shahar va tuman hokimliklari huzurida Voyaga yetmaganlar ishi bilan shugʻullanuvchi komissiyalar tuzilgan.