VABO

VABO (cholera) — ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvolning ogʻirlashuvi va organizmning suvsizlanishi bilan davom etadigan oʻtkir infeksion kasallik; oʻta xavfli ichak kasalliklaridan. Vabo dastlab (1816) Hindistonda — Gang daryosi vodiysida paydo boʻlgan; u yerda turmush sharoiti ogʻir boʻlganligi uchun aholining bir qismi boshqa davlatlarga keta boshlaydi. Natijada V. Yevropaga, keyinchalik butun dunyoga, chunonchi Birma (1819), Yava va Borneo o. lari, Xitoy (1820), Eron (1821), Yaponiya hamda Rossiyaga (1822) tarqaladi. 1823 — 1925-y. larda Rossiyada Vabo epidemiyasi 55-marta qayd qilingan. Turkiston oʻlkasiga Vabo, asosan, Afgʻoniston va Erondan oʻtgan. Vaboning klassik Vabo va El-Tor Vabosi degan 2 turi bor. Shunga koʻra, Vabo mikrobi (vibrion deb ataladi) klassik Vabo vibrioni va ElTor vibrioni deb ataladigan ikki xilga ajratiladi. Klassik Vabo vibrionini 1883-y. R Kox, El-Tor Vabo vibrionini esa 1906-y. Sinay ya. o. da Gotshlix topgan. Vabo vibrioni salgina bukilgan va ikki uchi yumaloqlangan tayoqcha boʻlib, boʻyi 1,5—4 mk va eni 0,2—0,4 mk. Vabo vibrioni daryo suvida 18 kundan 5 oygacha, muzda bir necha oy, ariqlarda bir necha kun, dengiz suvida ikki hafta, sovuq vaqtda najasda bir necha oy, axlat chuqurlarida 3 oygacha, ichki kiyimlarda 2 oy, qum tuproqda bir necha oy, suv havzalarida 15—30 kun, sut va yogʻda bir oygacha, kartoshkada 2 haftagacha, hoʻl mevada bir necha kungacha, pivoda 3 soatdan 5 kungacha tirik turadi. Dezinfeksiyalovchi moddalar vibrionni tez oʻldiradi. Suv qaynatilganda ham vibrion tez oʻladi. 1960-y. gacha boʻlib oʻtgan Vabo epidemiyalarining deyarli hammasi (aniqroq aytganda 6 pandemiyasi) ga klassik Vabo vibrioni sabab boʻlgan.

Klassik Vabo ogʻir utib, bemor yotib qoladi, kasallik belgilari (tez-tez ich ketishi, qusish, shuning natijasida organizmning suvsizlanishi, shuningdek t-ra pasayishi, muskullarning tirishishi va intoksikatsiyaning boshqa belgilari, yurak urishining susayishi va sh. k.) aksari roʻyirost koʻrinadi, shunga koʻra kasallik Vabo boshlanishi b-noq tez aniqlanganida, Vaboning tarqalishi cheklanadi. El-Tor Vabosi esa aksari yengil oʻtadi. Vabo belgilari boʻlmagani holda vibrionlarni tashib yuradigan kishilar koʻproq uchraydi, shu bois El-Tor Vabo sini aniqlash klassik Vaboni aniqlashga nisbatan qiyinroq, shuning uchun ElTor Vabo sining bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga oʻtish va keng tarqalish imkoniyatlari katta.

Vabo vibrioni bemorning axlati, qusugʻi, baʼzan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibrionlar tushgan suv va oziqovqatni isteʼmol qilish natijasida Vabo yuqadi. Meʼda shirasi vibrionlarni oʻldiradi, ammo suv koʻp ichilganda yoki meʼda shirasi kamroq boʻlganda vibrionlar meʼdadan ingichka ichakka oʻtib, kupayadi. Vibrionlarni pashsha ham tarqatadi. Pashsha axlatga qoʻnganda vibrionlarni qorniga va oyoklariga ilashtirib olib, oziq-ovqatga va ichimlik suvga yuqtirishi mumkin. Bemorni parvarish qiluvchilar va vibrion tashuvchilar (organizmida Vabo vibrionlari boʻlsa-da, ogʻrimayotgan kishilar) ham kasallik tarqalishiga sabab boʻla oladi. Vabo yuvuqsiz qoʻl, kir kiyimbosh va parvarish buyumlari orqali ham yuqadi. Vabo vibrionlari tushgan suvni isteʼmol qilish natijasida kelib chiqqan Vabo epidemiyalari qisqa vaqtda koʻp aholini kasallantiradi. El-Tor Vabosi asosan shu yul bilan tarqaladi (ayniqsa qishloq joylarda). Tabiiy sharoit (yozning juda issiq kelishi) va aholi migratsiyasi (dengiz boʻyidagi shaharlarga yezda koʻplab aholining dam olishga kelishi) sanitariya ahvoliga putur yetkazib, Vaboning tarqalishiga imkon beradi. Vaboning tipik (algid) formasi 2—3, baʼzan 5 kunlik inkubatsion davrdan keyin oʻziga xos belgilar bilan boshlanadi: ich tez-tez va koʻp keladi, bemor qusadi, t-rasi pasayadi (35—34° gacha), muskullari tirishadi, yurak urishi susayadi va h. k. Organizm suvsizlangani uchun bemorning koʻzlari kirtayadi, badani koʻkaradi, terisi burishib qoladi, yopishqoq ter bosadi. Bemor shu ahvolda bir necha kun yotgach ich ketishi va qusish bosilib, sogʻaya boshlaydi. Vaboning ich surmaydigan va qustirmaydigan ogʻir («quruq») formasida bemor talvasaga tushib, oʻziga kelmay, bir necha soatda Ulib qoladi. Zamburugʻ, mishyakdan zaharlanish, shuningdek ovqatdan buladigan toksikoinfeksiyalar ham baʼzan Vaboga oʻxshab kechishini nazarda tutish lozim. Bemor, albatta, kasalxonada davolanadi.

Oldini olish: chet ellardan Vabo oʻtib qolmasligi uchun davlat chegaralarida sanitariya muhofazasi choralari koʻriladi, aholi yashaydigan joylarni, shuningdek oqova suvlarni tozalash, suv havzalarini sanitariya ahvolini himoya qilish, suv taʼminoti, oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish korxonalari muntazam nazorat qilinadi, pashsha yoʻqotiladi, sanitariya-gigiyena chora-tadbirlari kuchaytiriladi va h. k. Yuqorida koʻrsatilgan tadbirlardan tashqari, suv va oziqovqatni yuqumsizlantirish va shaxsiy gigiyenaning ahamiyati katta. Vabo vibrioni chidamsiz boʻlgani uchun suvni qaynatib, masalliqlarni obdon pishirib, ularni Vabo vibrionlaridan xalos qilish lozim. Vabo aniqlangan taqdirda Sogʻliqni saqlash vazirligiga darhol xabar beriladi, bemor albatta kasalxonaga yotqiziladi, kasallik topilgan joyda dezinfeksiya, dezinseksiya va karantin chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Bemorga yaqin yurgan kishilar 5 kunlik karantinga olinadi va tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga koʻra hozir vabo kasalligi oʻchogʻida karantin qoʻllanilmaydi.

Davo organizmning suv-tuz maromini rostlash, qon, plazma, fiziologik eritma, Ringer eritmasi, trisol, disol, atsesol, xlosol, reomakrodeks va b. eritmalarni toʻxtovsiz quyish, antibiotiklar berish, organizmning umumiy ahvolini yaxshilash choralarini koʻrishdan iborat.

Jukov-Verejnikov N. N.,Musabayev I. K.,Zavyalova N. K., Klinika, lecheniye i profilaktika xolerы, T., 1966.

Shonosir Shovahobov.