VOYEVODINA

VOYEVODINA — Yugoslaviyada, Serbiya Respublikasi tarkibidagi muxtor oʻlka. Mayd. 21,5 ming km2. Aholisi 2 mln. kishidan ziyod (1990-y. lar oʻrtalari). Maʼmuriy markazi — Novi-Sad. Iqlimi moʻtadil, kontinental. Iyulning oʻrtacha t-rasi 22—24°, yanv. niki 1,2 — 2,6°. Yillik yogʻin 550—750 mm. Yirik daryolari: Dunay, Tisa, Tamish.

Voyevodinada 6-a. da slavyanlar, 9-a. oxirida vengerlar yashagan. 10-a. dan Vengriya qirolligi tarkibiga kirgan, 1526 — 1918-y. larda Voyevodina hududi Gabsburglar monarxiyasi qoʻli ostida, 1918-y. dan Serb, xorvat va slovenlar qirolligi (1929-y. dan Yugoslaviya) tarkibida. 1945 — 63 y. lar muxtor viloyat, 1963-y. dan muxtor oʻlka.

Voyevodina — Serbiyaning xoʻjaligi eng rivojlangan qismi. Q. x. bogʻdorchilik va tokchilik, goʻsht-sut chorvachiligiga ixtisoslashgan. Sanoati mahalliy xom ashyoga asoslangan. Voyevodinaning sharqiy qismida neft va gaz chiqariladi. Toʻqimachilik, mashinasozlik, kimyo, elektrotexnika, sellyuloza-qogʻoz, sement, oziq-ovqat sanoati rivojlangan.