VOBKENT

VOBKENT (oʻgʻuz shevasidagi «vob» yoki «vahobkent» — «boʻz, qoʻriqaagi qishloq» maʼnosida) — Buxoro viloyatidagi shahar (1981-y. dan). Vobkent tumaninint maʼmuriy markazi. Vobkent — koʻhna shaharlardan biri. Oʻrta asrlarda Vobkent atrofida bir necha qishloq-qoʻrgʻonlar boʻlgan. Vobkentning gʻarbida joylashgan Narshax qishlogʻi shulardan biri. 10-a. da yashagan tarixchi olim Narshaxiy shu qishloqda tavallud topgan. Narshax qishlogʻi Muqanna qoʻzgʻoloni markazlaridan biri boʻlgan.

Vobkent 14-a. hujjatlarida oʻz qozisiga ega boʻlgan qasaba, yaʼni shahar sifatida Vobkana nomi bilan tilga olinadi. 16-a dan boshlab Vobkent ikki nom — Vobkana va Komot deb yuritila boshlagan. 17-a. ning tarixchi olimi Mahmud ibn Valining («Bahr ul-asror»; 1634—41) kitobida Vobkent tumani nomi Komot shaklida keltiriladi. Vobkent haqida Mirzo Badening «Majmaʼ al-arqom» («Raqamlar majmui»; 18-a.) kitobida ham maʼlumotlar uchraydi. 19-a. 2-yarmiga oid vaqf hujjatlarida keltirilishicha, Komot tumani (hoz. Vobkent tumani)dagi Narchoq (Narshax) qishlogʻida hunarmandlar koʻp boʻlgan. V . da qadimda Madrasa, xammom, bozor masjidi, Koʻhna Vobkand, Vobkand Qoʻrgʻoni kabi tarixiy obidalar boʻlib, hozirda saqlanmagan.

V. Buxoroni Samarqand va Toshkent b-n bogʻlovchi avtomobil magistral yoʻli yoqasida joylashgan. Vobkentning oʻrtasidan Zarafshon daryosining irmogʻi Vobkent daryosi kesib oʻtgan. Yaqin t. y. stapsiyasi — Buxorodan 28 km. Aholisi qariyb 16 ming kishi (2001), asosan oʻzbeklar; shuningdek rus, tojik, tatar, ozarbayjon va b. ham yashaydi. Tuman tashkilotlari, paxta lunkti, hunarmandchilik va badiiy buyuml ar sexi faoliyat koʻrsatadi. Meʼmoriy yodgorliklardan Vobkent minorasi bor.

Vobkentda 1993-y. 120 oʻrinli viloyat sogʻlomlashtirish markazi ishga tushirildi. Q. x. kasb-hunar kolleji (600 oʻrinli), umumiy taʼlim maktablari, stadion, dorixona, davolash muassasalari, maishiy xizmat va jamoat ovqatlanish punktlari, novvoyxona, sanoat mollari va bolalar dunyosi magazini, bozor, kutubxona, madaniyat uyi, mehmonxona, yozgi va kishki kinoteatrlar, aloqa boʻlimi, maishiy xizmat punktlari mavjud.

Qahramon Rajabov.