VILYAMS

VILYAMS, Bon Kretyan Vilyame, Bertlet — serhosil oʻrtapishar nok navi. 1796-y. da Angliyada tasodifiy topilgan koʻchatdan chiqarilgan. Oʻrta Osiyo, Rossiyaning jan., Ukraina, Zakavkazye va b. joylarda r-nlashtirilgan. Daraxti oʻrtacha kattalikda (25—30 yoshida bal. 6,5 m, shox shabba kengligi 6,5 m ga yetadi), serbarg, novdalari yoʻgʻon, och sariq. Barglari yirik, gullari oʻrtacha. Mevasi yirik, choʻziqroq. Sirti gʻadirbudir, poʻsti yupqa, mayda nuqtalari bor, sargʻish-qizil tovlanadi. Eti oq, mazali, shirali, hushboʻy, shirin, muloyim. Tarkibida 10,4% qand, 16,6% quruq modda, 0,33% kislota bor. Urugʻlari mayda. Koʻchati ekilganidan soʻng 4—5-yili hosilga kiradi. Kuchli oʻsadigan payvandtagda yaxshi rivojlanib moʻl hosil beradi. Apr. boshida gullaydi, avg. ikkinchi yarmida pishadi. Har yili hosil beradi. Hosildorligi yuqori, bir tupi 185 kg gacha meva beradi. Bu nok yangiligida isteʼmol qilinadi, qoqi solinadi (qoqisining sifati yuqori). Yozgi noklarning jahon andozasi (standart nav) hisoblanadi va b. navlar uchun etalon boʻlib xizmat qiladi. Oʻzbekistonning barcha hududlarida ekish uchun (garmsel esadigan mintaqalardan tashqari) tavsiya qilingan (yana q. Nok).