VAXTANGOV Yevgeniy Bagrationovich [1883.1 (13) .2, Vladikavkaz-1922.29.5, Moskva| — aktyor, rej., teatr arbobi, «Talabalar drama studiyasi» (1926-y. dan Vaxtangov nomidagi teatr) ning asoschisi va rahbari. Oʻz ijodida K. Stanislavskiy tizimi va gʻoyalarini keng targʻib qilgan. Moskva Badiiy akademik teatri (MXAT)ning 3-studiyasida «Toʻy» (A. Chexov), «Avliyo Antoniy moʻjizasi» (M. Meterlink), 1-studiyasida «Erik XIV» (Yu. Strindberg), «Gabima» yahudiy studiyasida «Gadibuk» (Anskiy) kabi spektakllarni sahna-lashtirdi. Vaxtangov oʻzining soʻnggi ishi — «Malikai Turandot» (K. Gossi) spektaklida sahnaviy talqinning yangi qaytarilmas shaklini yaratdi. Vaxtangov rej. lik ijodining eng muhim tomoni — teatrning etik va estetik maqsadining mushtarakligidir. Oʻzbek aktyorlaridan M. Uygʻur, A. Hidoyatov, Ya. Bobojonov, S. Eshontoʻrayeva, H. Islomov va b. 1924 — 27 y. larda Moskva oʻzbek drama studiyasida Stanislavskiy tizimi bilan bir qatorda Vaxtangov uslubida ham tarbiya topganlar, Ayniqsa, bu taʼsir studiyaning «Malikai Turandot» asarini sahnalashtirishda oʻz ifodasini topdi. Vaxtangov uslubining taʼsiri Hamza nomidagi akademik drama teatri va b. oʻzbek teatrlarining 20-y. larning oxiri va 30-y. larning birinchi yarmidagi faoliyatida yaqqol koʻzga tashlangan.