VALYUTA ChEKLASHLARI

VALYUTA ChEKLASHLARI, valyuta nazorati — davlat tomonidan chet el valyutasi hamda valyuta boyliklari bilan bogʻliq muomalalarda muayyan cheklashlarning joriy qilinishi. Valyuta cheklashlarining odatdagi koʻrinishi milliy valyutani chet el valyutasiga ayirboshlash. chet el valyutasini mamlakat hududiga olib kirish va olib chiqib ketish, banklarning valyuta operatsiyalari, banklarning vakillik hisob raqamlariga limitlar joriy etish kabilarda namoyon boʻladi. Valyuta cheklashlari tadbirlari chet mamlakatlarga oltin va qimmatbaho qogʻozlar chiqarishni cheklash koʻrinishida amal qilib, mamlakat valyuta siyosatining xarakterli belgilaridan biri hisoblanadi hamda u toʻlov balansining passivligi, oltin va b. valyuta rezervlarining kamayib ketganligi bilan bogʻlik. Dastlab Valyuta cheklashlari baʼzi davlatlarda (Yevropa davlatlari) 1-jahon urushi davrida joriy etilgan va 1929—33 y. lardagi jahon iqtisodiy tangligi davrida, ayniqsa keng tus oldi. 2-jahon urushidan keyingi yillarda faqat AQSH, Kanada, Shveysariya va Lotin Amerikasining bir necha davlatlaridagina valyuta muomalalari cheklanmagan edi. Hoz. vaqtda deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda Valyuta cheklashlari mutlakr olib tashlangan, Valyuta cheklashlari amal qilayotganlarida esa uning zaif koʻrinishi qolgan, xolos. Mas., Buyuk Britaniyada Valyuta cheklashlari 1979-y. dan buyon mutlaqo yoʻq. Hoz. paytda Xalqaro valyuta fondiga aʼzo 60 dan ortiq mamlakatlardagi koʻpgina operatsiyalarda Valyuta cheklashlari umuman qoʻllanilmaydi. 1992-y. da Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlar valyuta integratsiyasini takomillashtirish yoʻnalishidagi kapitallar harakatida cheklovlar butunlay bekor qilindi. Hoz. Oʻzbekistonda ham valyuta muomalalarini tartibga solishda xorijiy valyutani olib kirish, almashtirish, valyuta muomalalari va b. da qisman Valyuta cheklashlari joriy qilingan.