VALENSIYA

VALENSIYA — Venesuela shim. dagi shahar. Valensiya koʻli sohilida joylashgan. Karabobo shtatining maʼmuriy markazi. Aholisi 903 mingdan ziyod kishi (1990-y. lar oʻrtalari). Avtomobil yoʻllari tuguni, t. y. orqali Karib dengizi va Karakas sh. bilan bogʻlangan. Mamlakatning q. x. rayoni markazlaridan biri. Toʻqimachilik, oziq-ovqat, koʻn poyabzal, neft kimyosi sanoati, sellyulozaqogʻoz, yogʻochsozlik korxonalari, avtomobil, sement, shina va mebel z-dlari bor. V. ga 1555-y. da asos solingan. Shahar ikki marta (1812 va 1830-y. larda) mamlakat poytaxti boʻlib turgan. 19-a. meʼmoriy yodgorliklari: ispanlar davrida qurilgan sobor, teatr saqlangan. Un-t bor.