VAZIR

VAZIR — Xorazm vohasining oʻrta asr shahar-qalʼalaridan biri. Tarixiy manbalarga koʻra, shayboniylardan Mustafoxon tomonidan 15-a. oʻrtalarida asos solingan. Koʻhna Urganchdan 60 km masofada. Shayboniylarning Xorazmdagi mulki markazi. 15-a. Da Husayn Boyqaroga qarshi koʻtarilgan xalq harakati markazi. 16-a. da Eron shohi Ismoil I Safaviy istilosiga qarshi Vazirda koʻtarilgan harakat Xorazm mustaqilligini tikladi. Xonlik taxtiga Burka Sulton oʻgʻli Elbars oʻtqazilishi b-n Xorazmda 200-y. hukmronlik qilgan shayboniylar sulolasiga asos solindi. Shayboniy sultonlarning 16-a. dagi oʻzaro kurashlarining kuchayishi Vazirning vayron boʻlishiga olib keldi. Mas., 1537-y. da Buxoro xoni Ubaydullaxon, 1593— 98 y. larda Abdullaxon Xorazmga bir necha marta yurish qilib, Vazir, Hazorasp qalʼalarini vayron qildi. Shuning uchun ham 17-a. da Abulgʻoziy Bahodirxon xonlik markazini Yangi Urganchga oʻtkazib, Vazir aholisini ham koʻchirtirib keltirdi. Anushaxon davrida, taxm. 1681-y. ga kelib Vazir va Kat sh. lari kimsasiz huvillab qoldi. Arxeologik qazishlar natijasida Devkeskan kalʼada Vazir xarobalari topilgan.