SITOPLAZMA

SITOPLAZMA (sito… va yun. plasma — shakllangan) — hujayraning yadro bilan plazmatik membrana oraligʻida joylashgan asosiy tarkibiy qismi (q. Hujayra). S. kolloid sistema — gialoplazma, organoidlar va kiritmalardan tashkil topgan. Sitoplazma dagi kolloid zarrachalar va b. tarkibiy qismlar doim harakatda boʻladi. Mikrofibrilla, mikronaychalar va b. tolasimon tuzilmalar hujayraning harakat-tayanch sistemasi hisoblanadigan sitoskeletni hosil qiladi. Hayvon hujayralari Sitoplazmasi organoidlari kam boʻlgan, plazmatik membranaga yaqin tashqi qismini ektoplazma, ichki, yadroga yaqin joylashgan organoidlarga boy qismini endoplazma deyiladi. Oʻsimlik hujayralari sitoplazmasi hayvon hujayralaridan maxsus organoidlar — plastidalar va yirik vakuolalarning boʻlishi bilan farq qiladi.