TURSUNOV Sayfuddin Yunusovich

TURSUNOV Sayfuddin Yunusovich (1939.28.2, Andijon viloyati Izboskan tumani Poytugʻ qishlogʻi) — terapevt olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1990), tibbiyot fanlari dri (1981), prof. (1983). Andijon tibbiyot intini tugatgan (1962). Ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasida ordinator (1962—64), assistent (1964—68), kurs mudiri (1968—70), kafedra mudiri (1975—98), pediatriya fti terapiya kafedrasi mudiri (1970—72), gospital terapiya kafedrasi dotsenti (1972—73), endokrinologiya kafedrasi kurs mudiri (1973—75), 1998-y. dan ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi mudiri. Ilmiy faoliyati yurak, qontomir kasalliklarining kelib chiqish sabablarini oʻrganish, ularning oldini olish va asoratlarini yoʻqotishga oid. Tursunov profilaktik (priventiv) kardiologiya maktabi asoschisi. Tursunov darslik, oʻquvmetodik qoʻllanmalar muallifi.