TRANSKRIPSIYA

TRANSKRIPSIYA (transcriptio koʻchirib yozish) — yozuvning nutq tovushlari talaffuzini aniq ifodalash uchun ishlatiladigan sunʼiy (shartli) turi; nutq boʻlaklari (tovush, boʻgʻin, soʻz)ning tovushiy sifatlarini yozuvda aniq aks ettirish usuli. Transkripsiya, eng avvalo, 2 ga boʻlinadi: ilmiy Transkripsiya va amaliy T. Ilmiy Transkripsiya oʻz xususiyatiga koʻra, fonetik va fonematik Transkripsiya larga boʻlinadi. Fonetik Transkripsiya ogʻzaki nutq (talaffuz) ni barcha xususiyatlari bilan yozuvda aniq aks ettirishni koʻzda tutadi va xorijiy tillar (mas., ingliz tili) lugʻatlarida, til darsliklari va notiqlik qoʻllanmalarida, jonli tilni yozib olishda (dialektologik yozuvlar, fonetika darsliklari va b.) qoʻllanadi. Fonetik Transkripsiyaning asosiy prinsipi shundaki, talaffuz etilgan har bir tovush yozuvda alohida qayd etilishi kerak. Fonetik Transkripsiya amaldagi biror alifbo asosida, unga nutq aʼzolaridagi ayrim artikulyatsiyalarni aks ettiruvchi ostust belgilari yoki ixtiyoriy oʻylab topilgan belgilar tizimini qoʻshish bilan yaratiladi. Mas., oʻzbek shevalarini oʻrganish maqsadidagi dialektologik yozuvlarda amaldagi alifboda boʻlmagan e o 9 (til oldi a), Oʻ, ʼ (i ning variantlari), o, q (oʻ ning variantlari) va b. belgi (harf)larning qoʻllanishi. Universal Transkripsiya sifatida Xalqaro fonetik uyushma — IPA (International Phonetic Association) tomonidan 1886-y. da lotin grafikasi asosida yaratilgan va doimo takomillashtirib boriladigan xalqaro fonetik alifbo qoʻllanadi.

Fonematik Transkripsiya har bir soʻzni fonema tarkibiga koʻra aks ettiradi, bunda kucheiz pozitsiyalarda paydo boʻladigan variantlar aks ettirilmaydi. Ushbu Transkripsiyaning prinsipiga koʻra, har bir fonema, pozitsiyasidan qatʼi nazar, doimo ayni bir belgi bilan aks ettiriladi. Fonematik Transkripsiyada fonetik Transkripsiyaga karaganda kamroq belgi ishlatiladi, chunki fonemalar miqdori doimo variantlar miqdoridan kam boʻladi.

Amaliy Transkripsiya muayyan milliy alifbo vositalari orqali boshqa tillardagi atokli otlar, terminlar, maxsus nomlar va shu kabi tarjima qilinmaydigan soʻzlarni aks ettiradi va shu yoʻl bilan ularni qabul qiluvchi tilning bosma matnlariga kiritadi. Amaliy Transkripsiya qabul qiluvchi til alifbosidagi belgilar chegarasidan chiqmaydi, lekin belgilarning ayrim gʻayriodatiy qoʻllanishlariga yoʻl qoʻyadi. Amaliy Transkripsiyaga qoʻyiladigan asosiy talablardan biri qabul qilinayotgan birlikning talaffuzini imkon qadar aniq saqlab qolishdir. Shu bilan birga, amaliy Transkripsiya soʻzning morfem tuzilishini, uning grafik xususiyatlari va b. ni saklab qolishi hamda muayyan soʻzning oson oʻzlashishini taʼminlashi kerak.

Ad.: Superanskaya A. V., Teoreticheskiye osnovы prakticheskoy transkripsii, M., 1978; Reformatskiy A. A., Vvedeniye v yazыkovedeniye, M., 1998.

Ibodulla Mirzayev.