TOGʻ-VODIY SHAMOLLARI

TOGʻ-VODIY SHAMOLLARI — togʻ li joylardagi oʻz yoʻnalishini sutkada ikki marta oʻzgartiruvchi shamollar. Kunduzi vodiy shamoli vodiy va yon bagʻir boʻylab yuqoriga, kechasi togʻ shamoli pastga tomon esadi. Togʻ-vodiy shamollari togʻ tepasi bilan atrofdagi tekisliklardagi atmosferaning isishi va sovishi oʻrtasidagi tafovut natijasida yuzaga keladigan mahalliy sirkulyatsiyadir. Kunduzi havo togʻ va vodiylarda oʻsha balandlikdagi tekisliklardagiga nisbatan kuchliroq isiydi va koʻproq kengayadi. Shu sababli tepada togʻdan tekislikka tomon bosim pasayadi va havo oqimi ham oʻsha tomonga harakatlanadi. Havoning tepadan tekislikka qarab shunday oqishi orqasida pastda tekislikdan togʻ tomonga qarab bosim pasayadi va natijada yuqoriga vodiy shamoli esadi. Kechasi tra va bosim aksincha oʻzgaradi va shu sababli tog shamoli paydo boʻladi. Togʻlar va vodiylar oʻrtasidagi bu aylanma harakat bilan birga kechasi sovigan havo togʻ yon bagʻirlari boʻylab pastga tushadi, kunduzi esa isigan havo yuqoriga koʻtariladi. Togʻ-vodiy shamollari tezligi katta boʻlmaydi, baʼzan 10 m/sek. ga yetishi mumkin. Togʻ-vodiy shamollari oʻrtacha kengliklarda, asosan, yozda esadi, quyi kengliklarda esa, yil boʻyi davom etishi mumkin. Baʼzan faqat kunduzgi (vodiy) yoki faqat tungi (togʻ) shamol esadi. Baland togʻlarda Togʻ-vodiy shamollari atmosferaning 1 km va undan qalin qatlamini oʻz ichiga oladi. Undan tepada teskari shamol esadi. Togʻ-vodiy shamollari sutkalik namlik, bulut miqdori va yogʻingarchilikka katta taʼsir koʻrsatadi (yana q. Shamol).