TOSHKENT TUPROQQOʻRGʻONI

TOSHKENT TUPROQQOʻRGʻONI — Anhor kanalining chap sohilida, shahar qalʼa devorining Qoʻymas (Katagon) darvozasi tashqarisi (hoz. Oʻzbekiston prospekti yoni)dagi tepalikda 1865-y. barpo qilingan. Bu tepalikda ilk oʻrta asrlarda qurilgan Qoʻymas istehkomi boʻlgan, uning qoldiqlari keyinchalik Tali Qoʻymas, yaʼni Qoʻymastepa deb atalgan. 1865-y. iyunda Toshkent podsho Rossiyasining general Chernyayev boshchiligidagi qoʻshinlari tomonidan bosib olingach, bu tepalikda zudlik bilan harbiy qalʼa qurishga kirishildi. Qalʼaning tarhi 6 burchakli boʻlib, baland tuproq koʻtarmalari bilan oʻralgan, burchaklarida mustahkam bastion (burj)lari boʻlgan. Koʻtarmalarning ayrim joylariga gʻishtdan devorlar ishlanib oʻt ochish uchun shinaklar qilingan. Ichki qismida 6 piyodalar rotasi uchun kazarmalar, ofitserlar uchun bino, lazaret (150 oʻrinli), oʻqdori, kiyimbosh va oziq-ovqat omborxonasi va porox uchun yertoʻla qurilgan. Asosiy kirish yoʻli (sharqiy darvoza) gʻishtdan hashamdor ishlangan. Keyinchalik tuproqqoʻrgʻon tashqarisida ustaxona, aslahaxona va piyoda askarlar batalyoni uchun 2 kazarma qurilgan. Toshkentda yevropalik aholi uchun Yangi shaharning qurilishi shu tuproqqoʻrgʻonni bunyod etishdan boshlandi. Tuproqqoʻrgʻon yaqinida xrz. Mustaqillik maydonida gubernator saroyi — «Oq uy» qurildi. Tepalikda joylashgan qalʼa Eski shahar ustidan nazorat qilib turish va ayni vaqtda mustamlakachilar yashaydigan Yangi shaharni qoʻriqlab turish imkonini bergan. 1867—83 y. larda Toshkent tuproqqoʻrgʻonidan har kuni soat 12 da toʻp otilgan. Qalʼada soldatlar bolsheviklar tashviqoti taʼsirida bir necha marta qoʻzgʻolon koʻtarganlar. 1917-y. 1-noyabrda Toshkent tuproqqoʻrgʻonida shoʻro hukumatining bayrogʻi oʻrnatilgan. Hozir Toshkent tuproqqoʻrgʻoni oʻrnida Respublika Prezidenta qarorgohi binolari majmuasi joylashgan.