TEMUR TUZUKLARI

«TEMUR TUZUKLARI» — Amir Teldoning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. «Tuzuki Temur» va «Tuzukoti Temur» nomlari bilan atalgan. Amir Temurning «Tuzuklar» muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida «Temur tuzuklari»ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N. D. MikluxoMaklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-a. larda Hindistonda yozilgan.

Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimayi holi, ijtimoiysiyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.

Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va b. mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va b. xususida gap boradi.

Asar Amir Temur davridagi oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. «Temur tuzuklari» («Tuzuki Temuriy»)ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski oʻzbek tilda bitilganligi maʼlum. Bu usmoniy turk hokimlaridan biri — Yaman hokimi Jaʼfar Posho (hukmronlik yillari 1607—12) ning kutubxonasidagi turkiy tilda yozilgan asar bilan bogʻliq. «Tuzuki Temuriy»ning suz boshida keltirilishicha, oʻrtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy alAriziy atTurbatiy Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj qilgan vaqtida asarni oʻqishga muyassar boʻlgan va 1610-y. Jaʼfar Poshoning topshirigʻi bilan uni fors tiliga oʻgirgan. Bizgacha ana shu forsiy nusxa tosh bosmalar, zamonaviy nashrlar va qoʻlyozmalar shaklida yetib kelgan. Husayniy Turbatiy forscha tarjimani 1637-y. boburiy hukmdor Shoh Jahonga (1628—57) tortiq qilgan. Shoh Jahon tarjima bilan tanishib chiqib, unda ayrim noanikliklar va kamchiliklar topgan hamda yirik olim, Dekan viloyatining qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyni (vafoti 1652-y.) huzuriga chaqirtirib, mazkur tarjimani moʻtabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»si va shunga oʻxshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yoʻl bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan. Muhammad Ashraf Buxoriy koʻrsatmaga koʻra, Mir Abu Tolib alHusayniy atTurbatiy nusxasini diqqat bilan tahrir qilgan. Shu zaylda asarning yangi, toʻldirilgan tahriri vujudga keladi va u «Malfuzoti Temuriy» («Temurning aytganlari») va «Voqeoti Temuriy» («Temurning boshidan kechirganlari») nomi bilan taniladi. Keyinchalik undan koʻplab nusxalar koʻchirilgani maʼlum.

Maʼlum boʻladiki, Boburiylar saltanatida «Tuzuki Temuriy» asosida ikkita mustaqil asar vujudga kelgan va ularning keyingi asrlarda tarqalishi bilan bogʻliq oʻziga xos tafsilotlar bor.

«Tuzuki Temuriy» nusxasini dastlab Hindistonda yashagan ingliz zobiti mayor Devi 1779-y. da Angliyaga olib kelgan. Soʻngra arab tili prof. ingliz mayori Uaytga uni koʻrib chiqish uchun topshirgan. Uayt «Tuzuki Temuriy» ning forscha matnini nashrga tayyorlagan, mayor Devi esa uni inglizchaga oʻgirgan va koʻrsatkich, izohlar bilan taʼminlagan. Asar matni va inglizcha tarjimasi 1783-y. Buyuk Britaniyaning Oksford sh. da nashr etilgan.

Aynan shu nashr dunyo mamlakatlariga keng tarkalgan va «Tuzuki Temur» yoki «Tuzukoti Temur» nomi bilan shuxrat topgan. Oksford nashri keyinchalik hech bir oʻzgarishsiz, jahonning koʻplab shaharlarida, mas., 1785-y. Kalkutta, 1868, 1963 va 1992-y. larda Tehron, 1890-y. Bombeyda chop etilgan. Bu nashrlar koʻplab mamlakatlarga, jumladan, Oʻrta Osiyoga ham tarkalgan.

Uayt va Devi nashr etgan forscha matndan taniqli sharqshunos L. Langlening fransuz tiliga oʻgirgan tarjimasi 1787-y. Parijda nashr qilindi.

1892-y. L. Langlening fransuzcha nashridan N. P. Ostroumov rahbarligida Toshkent gimnaziyasining bir guruh talabalari asarni rus tiliga tarjima qiddilar.

1968 va 1992-y. larda I. M. Moʻminov yozgan qisqa soʻz boshi bilan N. P. Ostroumov nashri chop etildi.

«Temur tuzuklari»ning Devi va Uayt nashri asoʻ sida chiqarilgan toshbosma va keyingi nashrlaridan biri asosida Alixontoʻra Soguniy 1967-y. Toshkentda «Tuzuki Temuriy»ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan va «Guliston» jurnalida tarjimaning faqat 30 foizi eʼlon etilgan. Asar toʻliq chop etilmaganligining sababi va 1989-y. oʻzbek tiliga qilingan yana bir tarjima xususida akad. B. Ahmedov quyidagicha fikr bildirgan: «…Oʻsha vaqtda jamiyatimizdagi mavjud ahvol, aniqrogʻi rasmiy hokimiyat maʼmurlarining oʻtmish tariximizni oʻrganishga boʻlgan yomon munosabati natijasida Alixontoʻra Sogʻuniy tarjimasi toʻla tarzda bosilib chiqmadi. Yana shuni ham qayd etmoq lozimki, tarjimaning bosilgan qismi baʼzi kamchiliklardan ham xoli emas edi. Unda, mas., ayrim jumlalarning tashlab ketilgani aniklangan, asl matndan chetga chiqish hollari mavjud; kishi nomlari, joʻgʻrofiy atamalarda va istilohlarda gʻalatliklar bor. Muhim tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar, joʻgʻrofiy va etnik nomlar, turli atamalar va ularning sharhlari erkin talqin etilgan. 1989-y. da Alixontoʻraning oʻsha nashrini «Tuzuki Temur» ning Bombeyda chop etilgan forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tilida yana bir tarjima amalga oshirildi. Uni oʻzbek sharqshunosi Habibulla Karomatov hozirlab, oldin «Sharq yulduzi» jurnalida (Toshkent, 1989, 8son), soʻngra alohida kitob holida (1991) Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida nashr ettirdi».

Mazkur nashrni tayyorlashda Abu Rayqon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik inti qoʻlyozmalar fondida saklanayotgan 1785-y. Kalkutta, 1868-y. Tehron va 1890-y. Bombey nashrlari A. Sogʻuniy tarjimasi bilan solishtirilgan. Tarjima matni forsiy asliyatdan ancha farqlangani bois Bombey nashri asosida qaytadan oʻzbek tiliga oʻgirilgan va ogʻir qatagʻon davrida oʻzbek xalqiga Amir Temur toʻgʻrisidagi haqiqatni yetkazishga intilgan Alixontoʻra Sogʻuniy nomlari hurmat yuzasidan yangi tarjimada 1oʻringa qoʻyilgan. Bu bilan, 1967-y. da boshlangan xayrli ishni nihoyasiga yetkazib, marhum domlaning ruhi poklarini shod etish maqsadi koʻzlangan.

Asarning «Sharq yulduzi» jurnalida chop etilgan tarjimasi asosida 1991-y. Boku va Olmaotada ham «Temur tuzuklari»ning qozoq va ozarbayjon tillaridagi tarjima kitoblari nashr etildi. 1996-y. asarning yangi tarjimasi qayta oʻzbek tilida chop etildi.

1999-y. sharqshunos Hamidulla Karomatov asarni Bombey nashri asosida 1marta bevosita fors tilidan rus tiliga tarjima qildi.

«Tuzuki Temuriy»ning Subhon Baxshi (Dexli, 1855) va Muhammad Fazl ulHaq (Bombey, 1908) taraflaridan amalga oshirilgan urducha tarjimalari ham mavjud.

«Tuzuki Temuriy» sifatida tanilgan aynan Devi va Uayt nashri dunyoning turli burchaklarida qaytaqayta nashr etilgan va ilmiy doirada ishonchga kirgani bois jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. «Malfuzoti Temuriy», «Voqeoti Temuriy» va b. nomlar bilan tanilgan va koʻpincha adashib «Tuzuki Temuriy»ga nisbat beriladigan asar nusxasining yuzaga kelishi toʻgʻrisida arab olimi Mazhar Shihob «Temur» nomli kitobida «Tuzuki Temur»ning yuqorida eslatilgan ingliz va fransuz tilidagi nashrlarining soʻz boshlarini oʻrganish asosida shunday yozgan: «Va nixryat Amir Temur malfuzotlarining Abu Tolib alHusayniy tomonidan qilingan ushbu tarjimasidan fors tiliga oʻgirilgan boshqa 2 nusxasi (Hindistonda Shoh Jahon koʻrsatmasiga binoan, Muhammad Afzal Buxoriy tomonidan tayyorlangan nusxalar nazarda tutilmoqda) topilgunga qadar bu hol shu zaylda davom etdi». Ulardan 1nusxani Hindistonda xizmatda boʻlgan ingliz zobitlaridan biri Degʻliga moʻgʻul — musulmon sultonlari nabiralarining biridan olishga muvaffaq boʻladi. Shu boisdan ham mazkur nusxa Sultoniy nusxa (nusxai Imperoturiya) nomi bilan ataladi. Malfuzotning ikkinchi nusxasi ham Dexlidan topilib, uni ham ingliz generallaridan biri Britaniyaga olib ketadi. Yangi topilib, 1830-y. da Angliyaga olib keltirilgan ikkala nusxaning qimmatli tomoni shunda ediki, bu ikki nusxa Amir Temurning malfuzotlarini toʻlatoʻkis qamragan bulib, ular Sohibqiron hayotini oxirgi yiligacha hikoya qilardi.

1830-y. Charlz Styuart keyin topilgan yangi ikkinchi nusxa Britaniyaga keltirilgach, tanishib chiqib, bir tarjimaning 2 nusxasi ekanligini aniqladi. Bu tarjima muallifi Hindistonda saltanat yuritgan Temuriy sultonlar davlati hokimlaridan biri boʻlgan Shoh Jahon davrida podshoh saroyida xizmatda boʻlgan mansabdor shaxslardan biri Muhammad Afzal alBuxoriy edi. Mutarjimning yozishicha, ushbu tarjimani u 1670-yilda amalga oshirgan. Muhammad Afzal alBuxoriy oʻz tarjimasining muqaddimasida ishorat qilib ketgan yangi (sultoniy) nusxaga kiritilgan aksar qoʻshimchalar, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridan olinganligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Shunday qilib, Muhammad Afzal Buxoriy qayta ishlagan va Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»si asosida toʻldirilgan «Malfuzoti Temuriy» deb nomlangan yangi asar vujudga keldi va tarqala boshladi. Hozirda uning nusxalari bir qancha mamlakatlar kutubxonalarida saklanmoqda. Sharq qoʻlyozmalari kataloglarining tuzuvchilaridan baʼzilari ham uni «Tuzuki Temuriy» dan farqli oʻlaroq «Malfuzot» ekanligiga ishora qilganlar. Albatta, nomlanishi «Voqeoti Temuriy», «Tanziymoti Temuriy» va b. shakllarda ham uchraydi. Undan tashqari keyingi asrlardagi gohida toʻla, gohida noqis nusxalarida xattotlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan kiritilgan koʻplab toʻqimalar, birinchi nusxalarda boʻlmagan voqealar tafsilotlari ham uchraydi. Bundan tashqari, zikr etilgan 2 har xil asarni «Tuzuki Temuriy» va «Tuzukoti Temuriy» nomlari bilan bir muqova ichida koʻchirib yozishgan. Shu bois hatto Yevropada va baʼzi bir sharq mamlakatlarida sharq qoʻlyozmalarining chop etilgan kataloglarida ham shunday chalkashlik koʻzga tashlanadi. Bunday kamchilik «Temur tuzuklari»ning 1991 ya 1996-y. nashrlari soʻz boshida ham bor.

«Malfuzoti Temuriy»dan qator tarjimalar amalga oshirildi. 1830-y. Angliyada Charlz Styuart uni ingliz tiliga oʻgirdi. Unda Amir Temur hayotining 39 yoshigacha boʻlgan voqealar aks ettirilgan.

19 a. da Oʻrta Osiyoda «Malfuzoti Temuriy»ning forsiydan eski oʻzbek tiliga qilingan 3 tarjimasi paydo boʻldi. Sharqshunos Stori katalogida keltirilgan maʼlumotga koʻra, ulardan birini 1836-y. Qoʻqon xoni Muhammad Alixonning buyrugʻiga binoan, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Xotif amalga oshirgan. Tarjima fors tilidagi noqis nusxadan qilingan va Amir Temurning 39 yoshgacha voqealari keltirilgan. Hozir bu qoʻlyozma SanktPeterburgdagi Sharqshunoslik intida saqlanmoqda.

Boshqasi, Xivada Muhammad Yusuf arRojiy tomonidan 1856—57y. lar «Tuzuki Temuriy» nomi bilan tarjima qilingan va yana biri «Qissai Temur» va «Malfuzot» nomlari bilan maʼlum boʻlgan Pahlavon Niyoz Devon tarafidan 1857—58 y. lar Xivada oʻgirilgan asar. Har ikkala nusxa SanktPeterburg sh. da M. Ye. SaltikovShchedrin nomidagi Rossiya davlat milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Nabijon Maxdumning kuplab xatolari bor eski oʻzbek tilidagi tarjimasi asosida rus sharqshunosi N. P. Ostroumov Turkiston generalgubernatori baron A. B. Vrevskiy yordamida «Malfuzot»ning turkiy matnini 1891-y. Toshkentda nashr etdi.

N. P. Ostroumov nashri asosida «Malfuzot» rus sharqshunosi Nil Likoshin tarafidan 1894-y. Toshkentda rus tiliga tarjima qilindi. 1934-y. Moskvada rus olimi V. A. Panov tomonidan Ostroumovning mazkur nashri asosida «Malfuzot»ning yangi tarjimasi nashr etildi.

1992-y. Toshkentda tanikli sharqshunos Ashraf Ahmedov N. P. Ostroumov nashriga tayangan holda Sharafuddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sining tanqidiy matnidan foydalanib, «Malfuzot»ning oʻzbek tilidagi zamonaviylashtirilgan erkin tabdilini amalga oshirdi.

Nihoyat, «Malfuzot»ning Oʻrta Osiyoda amalga oshirilgan eski oʻzbek tilidagi tarjimalari asosida, soʻnggi yillarda, Oʻzbekiston olimlaridan H. Bobobekov, H. Boboyev, A. Quronbekov tomonidan «Tuzuki Temuriy» (ikkinchi qayta nashriga «Zafarnoma» deb nom qoʻyilgan) hamda «Qissai Temur» («Malfuzoti Temuriy») kitoblari chop etildi.

Ad.: Temur tuzuklari [forschadan Alixontoʻra Sogʻuniy va Habibulla Karomatov tarjimasi],T., 1991, 1996; Karomatov H., «Temur tuzuklari»ni Oʻzbekistonda oʻrganish muammolari (Temuriylar davri madaniy yodgorliklari), T., 2003.

Habibulla Karomatov.