TARIQ

TARIQ (Panicum L.) — boshokdoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimliklar turkumi; don ekini. Vatani Xitoy va Mongoliya. Osiyo, Amerika, Afrikada keng tarqalgan. Afgʻoniston, Hindiston, Jan. Yevropa, Rossiya, Gruziya, Armaniston, Qozogʻistonda katta maydonlarga ekiladi. 500 ga yaqin turi bor. T. qadimdan ekiladigan oʻsimlik. Osiyo, Yevropa va Shim. Amerikada (mil. av. 3ming yillikdan) oʻstirilgan, Xitoyda 5 ming yildan beri ekib kelinadi. Oʻzbekistonda koʻpincha bahorikor yerlarga doni uchun 1 turi — oddiy Tariq (P. miliaceum L) ekiladi. Oddiy Tariq roʻvagining shakliga qarab yoyiq,chochoq, siqiq, oval, yarim gʻuj v a gʻuj kenja turlarga boʻlinadi. Ildizi popuksimon, 150 sm chuqurlikkacha boradi. Poyasi — poxolpoya (20—150 sm ). Barglari nashtarsimon, tukli yoki tuksiz, yashil yoki qizgʻish, uz. 18—65 sm. Guli ikki jinsli. Doni qobiqli, shakli yumaloq, oval yoki choʻziq, rangi oq, sariq, qizgʻish, jigarrang; 1000 donasi vazni 4—9 g. T. issiqsevar, qurgʻoqchilikka, shoʻrga chidamli oʻsimlik. Urugʻi harorat 8—10° boʻlganda unib chiqadi, 12—15° da maysalari koʻkara boshlaydi. Oʻsuv davri 60—100 (120) kun. Lalmi yerlarga apr. ning oxiri — may oyining boshlarida, sugʻoriladigan yerlarda apr. oxirida, takroriy ekin sifatida iyunning oxiri — iyulning boshlarida ekiladi. Tariq donida 10—15% oqsil, 50% uglevod, 3,8% moy mavjud. Donidan spirt olishda, boʻza tayyorlashda foydalaniladi, soʻk, yorma, un tayyorlanadi. Oklangan doni (soʻk) mazali va toʻyimli oziq-ovqat mahsuloti. Tariq uni non yopishda koʻpincha javdar uniga qoʻshiladi. Oʻzbekistonda Tariqning Saratov 853 navi ekiladi.

Kasalliklari: qora kuya, bakterioz.

Zararkunandalari: tariq chivini, poya parvonasi va b.

Halima Otaboyeva.