TARIXIY JANR

TARIXIY JANR, tarixiy mavzudagi asarlar — adabiyot va sanʼatdagi asosiy janr yoki mavzulardan biri; tarixiy oʻtmish mavzuida yozilgan asarlar turkumi.

Badiiy adabiyotning asosiy vazifalaridan biri tarixiy oʻtmishda sodir boʻlgan voqealar, yaqin yoki olis oʻtmishda yashagan tarixiy shaxslarga bagʻishlangan asarlar yaratishdir. Ilmiy tadqiqotlardan farqli oʻlaroq, yozuvchi yoki shoir tarixiy mavzudagi asarda tarix haqiqatiga suyangan holda toʻqimadan ham samarali foydalanadi. Yozuvchi yoki shoir tarixiy shaxslar bilan birga shu shaxslar obrazini yorqin mujassamlantirish, tasvir etilayotgan davr manzarasini keng va atroflicha yoritish maqsadida toʻqima qahramonlar obrazini asarga olib kiradi. Tarixiy mavzuda asar yozuvchi muallifdan tasvir etilayotgan davr hayotini yoki tarixiy shaxsning hayoti va faoliyatini tarix hujjatlari (arxiv materiallari, xotiralar va h. k.) asosida oʻrganish, shu davrning tarixiy koloritini haqqoniy ifodalash, personajlar nutqida oʻsha davr kishilari tiliga xos xususiyatlarni aks ettirish talab etiladi. Yozuvchi yoki shoirning tarixiy mavzuga murojaat etishdan maqsadi, kitobxonlarni tarixiy oʻtmishdagi muhim voqealar, tarixiy shaxslar hayoti va faoliyati bilan tanishtirish, ularda oʻz xalqining tarixiy oʻtmishiga nisbatan hurmat tuygʻusini uygʻotish va shu yoʻl bilan maʼrifatli avlodni tarbiyalash; zamondoshlarni tarixiy oʻtmish voqealaridan, tarixiy shaxslarning hayoti va faoliyatidagi ibratli tomonlardan saboq olishga undash; bugungi voqelikdagi ayrim noxush voqea va hodisalarga tarixiy oʻtmish voqealarini tasvirlash orqali munosabat bildirishdir.

Tarixiy oʻtmish mavzui asosan nasrning roman, qissa va hikoya, dramaturgiyaning tragediya va drama, shuningdek, sheʼriyatning doston, ballada, lirik sheʼr kabi janrlarida yoritiladi. Jahon adabiyotida tarixiy oʻtmish mavzui U. Shekspir va F. Shshыyerttt tragediyalari, V. Skott, J. Golsuorsi, L. N. Tolstoy va b. yozuvchilarning roman larida katta mahorat bilan yoritilgan.

Jahon adabiyotidagi tarixiy oʻtmish hayotidan olingan ayrim asarlar, mas., A. Dyuma romanlari yoki A. S. Pushkinning «kichik tragediyalar»ida tarixiy haqiqatdan chekinish, hatto tarixiy haqiqatga zid hodisalarni tasvirlash hollari uchraydi. A. S. Pushkin «Motsart va Salyeri» asarida buyuk nemis kompozitorini Salyeri tomonidan zaharlangan, deb Motsartning oʻlimi sababini mutlaqo notoʻgʻri talqin qilgan. Bunday hollar jahon adabiyotida shu vaqtgacha yozuvchining badiiy niyati bilan bogʻliq holda izohlab kelinadi. Ammo Tarixiy janrning taraqqiy etishi bilan yozuvchi yoki shoirdan tarix haqiqatiga sodiqlik talab etila boshladi.

Oʻzbek adabiyotida zamonaviy tarixiy asar birinchi marta Abdulla Qodiriy tomonidan yaratildi. Yozuvchining «Oʻtgan kunlar» romani bilan oʻzbek adabiyotida tarixiy roman janri maydonga keldi. Oybek «Qutlugʻ qon» romanida Qodiriy boshlab bergan tarixiy roman anʼanalarini rivojlantirdi va «Navoiy» romani bilan tarixiybiografik roman janriga tamal toshini qoʻydi. Keyinchalik O. Yoqubov «Ulugʻbek xazinasi», XX. Krdirov «Yulduzli tunlar», Muhammad Ali «Sarbadorlar» romanlari bilan tarixiy roman janrini yangi bosqichga olib chiqdilar. Dramaturgiyada tarixiy mavzuda asar yozish tajribasini Fitrat «Abulfayzxon» tragediyasi bilan boshlab berdi. Keyinchalik shu janrda Uygʻun va Izzan Sultonning «Alisher Navoiy», Hamid Olimjonnnt «Muqanna», Shayxzodaning «Jaloliddin Manguberdi» va «Mirzo Ulugʻbek», Abdulla Oripovning «Sohibqiron» singari tragediyalari vujudga keldi va bu asarlar tarixiy shaxs obrazini yaratishda dramaturgiyaning badiiy imkoniyatlari katta ekanini namoyish etdi. Sheʼriyatda esa turli davrlarda Rafik, Moʻminning «Qapchigʻay», Oybekning «Navoiy» va «Hamza», Sulton Joʻraning «Bruno», Usmon Azimning «Xalil Sulton», Azim Suyunning «Sarbadorlar» singari dostonlari yaratilib, ular tarixiy mavzudagi dostonlarning badiiy tamoyillarini belgilab berdi.

Shoirlar tarixiy oʻtmish manzaralarini hayotiy voqealar va qahramonlar obrazi orqali tasvir etish bilan birga koʻplab ertakdostonlar ham yaratdilar. Ammo ularni Tarixiy janrga kiritib boʻlmaydi. Negaki, tarixiy mavzudagi har qanday asarda tarixiylik asosiy badiiy mezon boʻlishi va yozuvchi oʻz asarida tarix haqiqatiga qatʼiy rioya qilishi lozim. Mas., Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida Iskandar Zulkarnayn (Aleksandr Makedonskiy) obrazi mavjudligiga qaramay, uni tarixiy yoki tarixiybiografik asar, deb boʻlmaydi.

Tasviriy sanʼatda Tarixiy janr jamiyat tarixidagi ijtimoiy siyosiy ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy voqealar va arboblarni tasvirlashga asoslanadi. Odatda oʻtmishni tasvirlaydigan Tarixiy janr, shuningdek, yaqin oʻtmishda roʻy bergan va tarixiy ahamiyati zamondoshlar tomonidan tan olingan voqealarni aks ettirishni ham oʻz ichiga oladi; koʻpincha maishiy janr, portret, manzara kabi boshqa janrlar bilan, ayniqsa, harbiy voqealarning tarixiy mazmunini yorituvchi batal janri bilan chatishib ketadi. Tarixiy janr rivoji tarixiy nuqtayi nazarlar, ijtimoiysiyosiy qarashlar taraqqiyoti bilan, yuksalish davrlari esa ijtimoiy qaramaqarshiliklar sharoiti, ijtimoiy harakatlar, millatlarning oʻzligini anglashining oʻsishi, sanʼatda ilgʻor ijtimoiy gʻoyalarni aks ettirilishi bilan bogʻliq. Tarixiy janrda koʻpincha tarixiy kuchlarning dramatik toʻqnashuvi, milliy ozodlik kurashlari, xalqqa tarixni harakatga keltiruvchi faol kuch sifatida qarash kabilar uzining badiiy ifodasini topadi. Tarixiy janr qadimdan — ibtidoiy jamoa davridan boʻlib oʻtgan muhim voqealarni eslash, xotirlash va shu xotiralarni tasvirlash zaminida yuzaga kelgan. Old Osiyo, K,ad. Misr, Oʻrta Osiyo, Eron hududlarida harbiy yurishlar, podsho, harbiy qoʻmondonlarning faoliyatini madh etuvchi koʻp jussali murakkab kompozitsiyali asarlar yuzaga kelgan; mamlakatlar ichki hayoti, tashqi aloqalar, elchilar qabuli va b. voqealar rassomlar va haykaltaroshlarning asarlarida oʻz ifodasini topdi. Jumladan, Tuproqqalʼa devoriy rasmlari va haykallari, Afrosiyob devoriy rasmlari va b. Yunonistonda muhim voqealar, tarixiy shaxsning qiyofalari afsonaviy obraz va kompozitsiyalarda ifodalandi. Qad. Rimda Tarixiy janr oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga koʻtarildi, asarlar oʻzining oʻta realligi va tafsiloti bilan diqqatga sazovor, bu jihatlar, ayniqsa, relyefli kompozitsiyalarda namoyon boʻldi. Oʻrta asrlarda diniy mavzulardagi asarlarda tarixiy voqealar ham tasvirlandi. Osiyo mamlakatlarida Tarixiy janrda salmokli asarlar yaratildi, bu ayniqsa, devoriy rasmlar va voqeaband relyeflarda koʻp uchraydi, miniatyura va monumental sanʼatda keng rivojlandi.

Uygʻonish davrida Tarixiy janr mustaqil janr sifatida shakllandi, 17—18-a. larda yetakchi janr darajasiga koʻtarildi (D. Velaskes, P. Rubens va b.), tarixiy portretlarga eʼtibor kuchaydi (haykaltarosh J. Gudon, rassom J. Reynolde, J. David va b.), 19-a. dan Tarixiy janrda insoniyat tarixida boʻlib oʻtgan muhim voqealar, xalq boshiga tushgan ogʻir musibatlar asarlarda oʻz ifodasini topdi (F. Goyya, O. Delakrua va b.). 19-a. 2yarmi Yevropa sanʼatida yaratilgan asarlarda romantik ruh kuchli boʻlsa, peredvijniklar asarlarida tanqidiy ruh yetakchi boʻldi. 20-a. boʻsagʻasida ramziy umumlashma asarlar yaratish, tarixiy portretlar ishlash keng yoyildi. 20-a. jahon madaniyatida mavjud boʻlgan turli oqim va yunalishlar Tarixiy janr asarlarida ham namoyon boʻldi (P. Pikasso, A. Fujeron, O. Diks, G. Gros, R. Guttuzo, D. Rivera, D. Sikeyros va b.).

Oʻzbekiston tasviriy sanʼaatida Tarixiy janr qadimdan shakllangan va taraqqiy etgan. Tarixiy janrning dastgoh shakllari 20a. 30y. laridan rivojlandi. Mahalliy rassomlardan B. Hamdamiy, A. Abdullayev, Sh. Hasanova va b. ijodida tarixiy shaxslarni gavdalantirish muhim oʻrin tutadi. 50—60y. lardan oʻzbek tasviriy sanʼatiga keng koʻlamda mahalliy rassomlarning kirib kelishi Tarixiy janr mavzu va uslubining rangbarangligini taʼminladi. M. Nabiyev, R. Choriyev, J. Umarbekov va b. rassomlar ijodida Tarixiy janrga oid asarlar yuzaga keldi. Mustaqilliqdan soʻng tarixga, oʻtmishga murojaat etish va eʼtiborning ortishi Tarixiy janrni yanada yuksalishini belgilab berdi: Jaloliddin Manguberdi, AlFargʻoniy, Amir Temur kabilarga bagʻishlangan tarixiy turkum asarlar yaratildi.

Naim Karimov, Neʼmat Abdullayev.