TALQIN

TALQIN (arab. — tushuntirish, nasihat) — 1) oʻziga xos (3/8+3/4 yoki 9/8 takt oʻlchovidagi) doyra usuli (lang yoki oqsoq deb ham yuritiladi);

2) shu usul asosida yaratilgan kuy, ashula va maqom yoʻllari. Talqin yoʻlidagi ashulalar dastlab nasihatomuz, ibratli mazmundagi sheʼrlar bilan ijro etilgani uchun shunday nom olgan. Talqin Shashmaqom ashula boʻlimi tarkibida muayyan shoʻba boʻlib, Saraxbor va uning taronalaridan keyingi oʻrinni egallaydi. Talqinlar Iroqdan tashqari barcha maqomlarda mavjud: Buzruk maqomida Talqini Uzzol (Xorazm turkumida Talqini Buzruk), Rostda Talqini Ushshoq (Talqini Rost), Navoda Talqini Bayot (Talqini Navo), Dugoxda Talqini Chorgoh, Segohda Talqini Segoh deb nomlanadi. Talqinlar nasr shoʻbalari va undagi ufar qismlari bilan hamohang, mantiqan uzviy bogʻliq boʻlib, birbiridan asosan doira usullari bilan farqlanadi. Nomdosh namunalarning kuy tuzilishi, avjda namudlarning kelishi ham bir xil. Talqinlar salobatli va ulugʻvor yangraydi, chuqur lirikfalsafiy holatni ifodalaydi. Ularni mahorat bilan ijro etuvchi hofizlarni xalq orasida talqinchi, talqinxon deb atashgan. Talqin usulidagi hamda diniy mazmundagi sheʼrlarga oʻqiladigan (xonaqoiy) ashula yoʻllari mashhur boʻlgan;

3) badiiy asarlarning ijodkorona yondoshgan holda ijro etilishi.

Ravshan Yunusov.