TALAS JANGI

TALAS JANGI — Talas (Taroz) daryosi boʻyida arab va xitoy qushinlari oʻrtasida yuz bergan hal qiluvchi jang (751). 8-a. ning 1yarmida Tan imperiyasi Buyuk ipak yoʻlini egallash va bu yoʻldagi davlatlarni oʻziga boʻysundirish uchun bir necha bor urushlar qilgan. Movarounnahrdagi murakkab ichki ahvol (arablarga qarshi xalq qoʻzgʻolonlari), Fargʻona hokimining Choch hokimiga qarshi kurashida Xitoydan yordam soʻragani bu yurishlarga bahona boʻlgan. Tan davlati 750-y. millati koreys boʻlgan Gao Syanchji (Gav Shanchji) qoʻmondonligida katta qoʻshin joʻnatgan. Bu qoʻshin fargʻonaliklar bilan ittifoqlikda Chochni olib vayron qilgan, katta oʻlja (tuyalar, otlar, oltin, kumush)ni qoʻlga kiritgan. Choch qokimi qatl qilingan, uning oʻgʻli arablardan yordam soʻragan. 751-y. iyul oyida arablarning Ziyod ibn Solih qoʻmondonligi ostidagi qoʻshini Gao Syanchjining xitoylar, fargʻonaliklar, qashqarliklar, kucharliklar hamda qarluqlardan iborat yirik qoʻshini (arab manbalariga koʻra 70 ming kishi) bilan Talas daryosi boʻyida toʻqnashgan. Talas jangi 5 kun davom etgan. Toʻqnashuv jarayonida Tan armiyasi tarkibidagi qarluqlar arablarga qarshi kurashdan bosh tortgan va xitoyliklarning aryergardiga zarba berganlar. Xitoy qoʻshini butunlay yakson qilingan. Gao Syanchji yordamchilari Li Siye va Duan Shoushilar bilan birga zoʻrgʻa qochib qutilgan. Ibn alAsirning yozishicha, xitoyliklardan 50 ming kishi oʻldirilib, taxm. 20 ming kishi asir olingan. Asirga tushgan Xitoy jangchilari orasidan tanlab olingan hunarmandlar Samarqandga keltirilgan. Ular Samarqandda qogʻoz ishlab chiqarish. sanoatini yanada rivojlanishiga munosib hissa qoʻshganlar. Xitoylik xunarmandlar hatto Mesopotamiya shaharlariga ham keltirilgan. Talas jangi Markaziy Osiyo xalklari tarixida oʻta muhim rol oʻynaydi. U Tan imperiyasining Oʻrta Osiyo xududini egallash yoʻlidagi tajovuzkorona siyosatiga uzilkesil chek qoʻygan. Ammo bu Gʻarb bilan Sharq oʻrtasidagi savdo aloqalarini bugunlay uzilishiga olib kelmagan.

Abdulahad Xoʻjayev.