TAYGA

TAYGA — moʻtadil mintaqaning igna bargli daraxtlardan iborat oʻrmonlari. Yevrosiyo, Shim. Amerikada katta maydonlarni egallagan. Taygada daraxt turlari koʻp emas, oʻrmon manzarasi deyarli bir xil. Toʻshama oʻsimliklari kam. Yer yuzasi yashil yoʻsinlar bilan qoplangan. Tuprogʻi kulrang. Tayga daraxt turlariga qarab, yorugʻ Tayga oʻrmonlari va qorongʻi Tayga oʻrmonlariga boʻlinadi. Yorugʻ Tayga oʻrmonlarida qaragʻay, tilogʻoch, qorongʻi Taygada qora qaragʻay, oq qaragʻay, kedr usadi. Qishi qattiq sovuq, yozda tra 10—20° atrofida boʻladi, yogʻin miqdori 300—600 mm, botqoqliklar bor. T. boshqa maʼnolarda ham qoʻllaniladi: Sharqiy Sibirda bepoyon kimsasiz qalin oʻrmonlar, Oltoyda oʻrmon bilan qoplangan togʻlar, Tuvada yalangʻoch togʻ, Mongoliyada hayvonlar koʻp boʻlgan qalin oʻrmonlar tushuniladi.