TAJNIS

TAJNIS (arab. — oʻxshash, shaklan oʻxshash, hamjins, xamshakl) — ogʻzaki va yozma adabiyotdagi badiiy sanʼatlardan. Tajnisda omonimlar nozik soʻz oʻyinlarini ishlatishga imkon beradi. Sharq badiiyot ilmida Tajnisni lafzdoshlik darajasi va imlosiga qarab bir necha turlarga ajratganlar. Agar Tajnis birikma lafzdoshligiga asoslangan boʻlsa «tajnisi murakkab» (maye: yoqildi — yo qildi, yozaman—yoza men), agar Tajnisning tuzilishi bir xil boʻlib, yozilishi har xil boʻlsa «tajnisi lafz» deb atalgan. Oʻzbek adabiyotida Tajnisni sheʼriy sanʼat sifatida ishlatishning 7 turi borligi qayd etilgan. U, ayniqsa, yozma sheʼriyatning deyarli barcha janrlarida badiiylikni yuzaga keltirish, soʻz oʻyinlari qosil qilish, soʻz maʼnolarining xilmaxil tovlanishlarini namoyish qilish maqsadlarida qoʻllangan. Mumtoz sheʼriyatda qofiyalarida Tajnis li (omonimli) soʻzlar ishlatilgan nomalar, gʻazallar, qitalar, tuyuqlar, fardlar koʻp. Shoirlar sheʼrda, misra yoki baytda bir-biriga shaklan oʻxshash, jinsdosh soʻzlarni turli maʼnolarda qoʻllashib, chiroyli Tajnislar yaratganlar. Ayniqsa, Tajnis turkiy xalklar sheʼriyatining oʻziga xos janrlaridan biri boʻlgan tuyuqlarda keng qoʻllangan.

Boʻldi chun umring kunining vaqti tush, Nafsi sargasht otini koʻp chopma, tush. Hobgoh etgil qanoat manzilin, Yoʻqsa hargiz koʻrmagingdir rost tush.

(Ogahiy).

Birinchi misradagi «tush» kunning tush paytini, kishi umrining oʻrtasini; ikkinchisi otdan tush—yoshingni oʻylab ish qil, insofga kel; uchinchisi uyquda tush koʻrmoq maʼnolarida ishlatilgan. Tajnis li qofiyalar tuyuqning janr komponentlaridan biridir. Bobur ijodidan boshlab 2 misrasida Tajnis soʻzlar qofiya boʻlib keluvchi fardlar ham yaratila boshlagan. Tajnis 15-a. oʻzbek sheʼriyatida Yusuf Amiriy, Lutfiy, Navoiy yaratgan tuyuqlarda keng qoʻllanilgan. Uning sanʼat sifatidagi namunalari Bobur, Ubaydiy, Munis, Uvaysiy, Komyob, Ogahiy, Amiriy, Rojiy Margʻiloniy sheʼriyatida ham uchraydi. Keyinchalik: Habibiy, Charxiy, Gʻafur Gʻulom, Vosit Saʼdulla va b. T. larning original turlarini topishib, sheʼriyatga kiritdilar.

Tajnis xalq ogʻzaki ijodida ham badiiylikni yuzaga keltirish omillaridan biri boʻlib kelgan.

Ad.: Rahmonov V., Sheʼr sanʼatlari, Leninobod, 1972; Rustamov A., Navoiyning badiiy mahorati, Tajnis, 1979; Orzibekov P., Tuyuq: Lirikada kichik janrlar, Tajnis, 1976.

Rahmonqul Orzibekov.