SHIFER

SHIFER (nem.) — tom yopishda ishlatiladigan qurilish materiali. Tabiiy gilli slanesdan yupqa plita shaklida tayyorlanadi (q. Slaneslar). Toʻlqinsimon profilli va yassi Sh. lar boʻladi. Shifer mustahkam, suv oʻtkazmaydigan, oʻtga va sovuqqa bardoshli, koʻpga chidaydigan material. Moʻrtligi va ogʻirligi uning asosiy kamchiligi hisoblanadi. Qurilishda asbestsement Shiferlar keng tarqalgan.