SHABKOʻRLIK (fors — tun, kecha) , gemeralopiya — qorongʻida koʻrish qobiliyatining buzilishi. Shabkoʻrlik koʻpincha tugʻma boʻlib, bolalik va oʻsmirlik davrida asosan oʻgʻil bolalarda kuzatiladi, aksariyat oilaviy-irsiy xususiyatga ega boʻladi. Simptomatik Shabkoʻrlik koʻzning turli organik kasalliklari (glaukoma, koʻruv nervi atrofiyasi, xorioretinit va h. k.) da kasallikning bir belgisi sifatida uchraydi. Funksional Shabkoʻrlik koʻproq ovqat tarkibida A vitamini yetishmasligi yoki boʻlmasligi natijasida paydo boʻladi. Shabkoʻrlikda bemor nim qorongʻi yoki tuzuk yoritylmagan xonalarda, kunning gʻirashira paytlarida va tunda, yorugʻdan qorongʻiga oʻtganda koʻra olmay qoladi (ayni vaqtda yorugʻlikda yaxshi koʻradi). Keyinroq rang ajrata olmaslik alomatlari namoyon boʻladi, asosan, koʻrish maydoni torayib, koʻrish oʻtkirligi ham pasayadi. Shabkoʻrlikka koʻz toʻr pardasi tayoqcha qujayralari (q. Koʻz) strukturasining organik oʻzgarishlari yoki shu hujayra tarkibiga kiruvchi koʻz purpuri (rodopsin) ning funksional yetishmovchiligi sabab boʻladi. Koʻz purpuri oqsilning A vitamini bilan hosil qilgan kompleksi boʻlib, koʻzning qorongʻilikka moslashuvida muhim ahamiyatga ega. U yorugʻlik taʼsirida (retinin va spetsifik oqsilga) parchalanadi, qorongʻida esa (bevosita A vitamini ishtirokida) tiklanadi va shu bilan tayoqchahujayralar funksional qobiliyatini tiklaydi.
Shabkoʻrlikda koʻz toʻr pardasida qopqora pigment tanachalari paydo boʻlib, ular borgan sari koʻpayib boradi. Qon tomirlari torayib, toʻr pardaning oʻzi yupqalashadi, uning oziqlanishi buzilib, soʻng koʻrish butunlay yoʻqoladi. Shabkoʻrlikning hamma shakllarida servitamin (A vitaminiga boy) ovqatlar (sut, sariyogʻ, baliq moyi, jigar, sabzi, koʻk piyoz, ukrop, petrushka va b.), vitamin preparatlari buyuriladi.
Shabkoʻrlikka xos alomatlar sezilsa darhol mutaxassis vrachga koʻrinish lozim.