SHAHRIXON

SHAHRIXON — Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi shahar, tuman markazi, viloyatning jan. gʻarbida, Shahrixonsoy sohilida joylashgan. Sharq va jan. dan Katta Fargona kanali oqib oʻtadi. Andijon shahridan 25 km. T. y. stansiyasi. Aholisi 61,3 ming kishi (2004).

Shahrixon 1809—21 yillarda Qoʻqon xoni Amir Umarxon farmoni bilan qurilgan (nomi shundan). Oʻsha davrda xon farmoni bilan Shahrixon bozoriga kelib savdo qiluvchilardan yigʻim puli olinmagan. Natijada shaharga keluvchi karvonlar soni koʻpaygan. 19-asr oxirida shaharda bir qancha korxona, shu jumladan, paxta tozalash z-di ishlab turgan, 27 ta guzar, Oʻrda masjidi va minoralar boʻlgan.

Shahrixon hunarmandchilik buyumlari bilan mashhur. Ayniqsa, pichoqchilik, beshikchilik, kosibchilik, doʻppidoʻzlik, misgarlik hunarlari sanʼat darajasiga yetgan. 1916-yilda rus podshosining mahalliy aholini mardikorlikka safarbar etilishiga qarshi xalq gʻalayoni boʻlib oʻtgan. 1928-yilda shaharga Asakadan 15 km uzunlikdagi t. y. oʻtkazilgan.

Shahrixonda tikuvchilik, trikotaj, paxta tozalash, toʻqimachilik korxonalari, qurilish tashkilotlari, avtokorxona ishlab turibdi. Shuningdek, Oʻzbekiston—Xitoy «RivojTyanjin», Oʻzbekiston—Hindiston R«ivojNorind», Oʻzbekiston—Germaniya «Interteks», Oʻzbekiston—Rossiya «Anteks» qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatadi. 10 umumiy taʼlim maktabi, 2 kasb-hunar kolleji, litsey, 2 musiqa maktabi, 1 sport maktabi, muzey, madaniyat saroyi, markaziy kutubxona va uning tarmoklari ishlab turibdi. 2 kasalxona, 3 poliklinika, tez tibbiy yordam markazi, sanatoriy aholiga xizmat koʻrsatadi. Shahar yonidan Toshkent—Oʻsh avtomobil yoʻli oʻtgan.