SHAHARCHA

SHAHARCHA — maʼmuriy-hududiy birlik, shahar aholi manzilgohlari tiplaridan biri. Shaharchalar dunyoning barcha mamlakatlarida ham mavjud emas. Oʻzbekistonda yaqin vaqglargacha mazkur aholi manzilgohlari shahar tipidagi posyolkalar deyilgan. Manzilgohlarga Shaharcha maqomi berilishi uchun sanoat korxonalari, t. y. stansiyalari va boshqalar muhim iqtisodiy obyektlar yonida joylashgan hamda aholisi kamida 2000 kishi boʻlishi va ularning 2/3 qismini ishchi, xizmatchilar va ularning oila aʼzolari tashkil etishi lozim. Shuningdek, aholisi 500 kishidan iborat boʻlgan, biroq istiqbolli yoki uzoq r-nlarda joylashgan muhim aholi manzilgohlari hamda aholi 2000 kishidan kam boʻlmagan dam olish va davolanish maskanlari boʻlgan (rekreatsiya ahamiyatli) turar joylar ham Shaharcha larga kiritiladi. Ularning viloyatlar boʻyicha taqsimlanishi ham bir xil emas: Toshkent viloyatida — 18, Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 16, Samarqand viloyatida — 12, Namangan viloyatida —11, Fargʻona viloyatida — 10, Jizzax viloyatida — 8, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida — 7 tadan, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida — 5 tadan, Qashqadaryo viloyatida — 4, Buxoro viloyatida —2, shuningdek, Toshkent shahri kengashiga qarashli 1 ta Shaharcha (Ulugʻbek) bor. Sh. aholisi shahar aholisining 11,6% (1087 ming) ni tashkil etadi (2003). Shaharchalar aholisi soni boʻyicha ham oʻzaro farq qiladi. Eng kichik Shaharcha — QublaUstyurt (Qoʻngʻirot tumanida) aholisi 0,7 ming kishi boʻlsa, eng katta Xonqa Sh. si aholisi 35,9 ming kishi. Shaharchalar, asosan, qishloq tumanlari markazi vazifasini bajaradi. Shuningdek, konchilar (Gʻozgʻon, Qoratov, Polvontosh, Olamushuk, Ingichka va boshqalar), sanoat korxonalari (Kimyogarlar, Iskandar, Oltiariq va boshqalar), t. y. stansiyalari (Xovos, Oltinkoʻl, Yangi Margʻilon va boshqalar), ilmiy tadqiqot intlari (Ulugʻbek) Shaharcha lari mavjud.