SHAHAR AHOLISI

SHAHAR AHOLISI — shahar va shaharchalarda yashaydigan kishilar. Shahar va qishloq aholisi nisbati urbanizatsiya darajasini koʻrsatadi. Uning asosiy koʻrsatkichi mamlakat yoki mintaqa aholisining necha foizi shaharlarda yashashini ifodalaydi. Biroq aholi manzilgohlarini qishloq yoki shaharlarga ajratish mezoni barcha mamlakatlarda turlicha.

Yer yuzi aholisining deyarli yarmi shaharlarda istiqomat qiladi. Shahar aholisining oʻsib borishiga — qishloqlarga shahar maqomining berilishi, shaharlar hududining qoʻshni qishloq joylari hisobiga ortib borishi, qishloqlardan shaharlarga aholining koʻchib kelishi (migratsiyasi) hamda Shahar aholisining tabiiy koʻpayishi sabab boʻladi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Shahar aholisining oʻsish surʼati pasayib ketdi. Qishloq aholisining shaharliklarga nisbatan koʻpayishi yuqoriligi natijasida Shahar aholisi ulushi pasayib bormoqda. Oʻzbekistonda Shahar aholisining sekin oʻsishiga tashki migratsiya, aholi tabiiy oʻsishining pasayishi (asosan, tugʻilishning) sabab boʻlmoqda.