SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI

SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI, Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti — Oʻrta Osiyo va Xorijiy Sharq mamlakatlari tarixi, madaniyati, fani tarixi, Sharq mamlakatlari rivojining zamonaviy muammolari, mustaqil Oʻzbekiston bilan bu mamlakatlarning koʻp qirrali aloqalarini oʻrganadigan yirik ilmiy tekshirish muassasasi. Toshkent shahrida joylashgan.

1943 yil Oʻzbekiston Davlat xalq kutubxonasining Sharq boʻlimi asosida tashkil topgan va 1950-yilgacha Sharq qoʻlyozmalarini oʻrganish instituti deb atalgan. 1950-yilda esa intda olib borilayotgan ilmiy sohalar qamrovini hisobgaolib, Sharqshunoslik instituti deb nomlangan. 1957-yil unga Abu Rayhon Beruniy nomi berilgan. Institutda urush davrida V. I. Belyayev, Ye. E. Bertels, N. V. Dyakonova, A. N. Kononov, N. D. MikluxoMaklay, I. P. Petrushevskiy, O. I. Smirnova, keyinchalik esa I. Abdullayev, S. Azimjonova, A. K. Arends, B. Axmedov P. G. Bulgakov, A. Irisov, U. I. Karimov, S. Mirzayev, A. Murodov, A. Nosirov, I. Odilov, M. G. Pikulin, A. Rasulov, M. A. Salye, A. A. Semyonov, M. M. Xayrullayev, A. Oʻrinboyev kabi yirik sharqshunoslar ishladi.

Sharqshunoslik institutida 80 mingga yaqin alohida asarlarni oʻziga jamlagan 25 mingdan ortiq qoʻlyozma kitoblar (9—20-asr boshlariga oid) mavjud. Toshbosma va nashr etilgan kitoblarning umumiy soni 28 ming jildni tashkil etadi. Ular oʻzbek, arab, fors, tojik, urdu, pushtu, ozarbayjon, turk, tatar, turkman, uygʻur va boshqalar sharq xalqlari tillarida yozilgan boʻlib, oʻrta asr va undan keyingi davrlar fanining turli tarmoqlariga, yaʼni tarix, adabiyot, falsafa, huquq, islomiy ilmlar va tasavvuf, falakiyot, kimyo, tabobat, geogr., dorishunoslik, til, musiqa, mat., maʼdanshunoslik va boshqalar sohalarga oid.

Int fondida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Bakr Roziy, Imom al-Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Moturidiy, Firdavsiy, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Xoja Ahror asarlari bilan birga Oʻrta Osiyo xonliklari davriga tegishli bir necha ming hujjatlar, yorliqlar, vaqfnomalar toʻplangan.

Institutdagi ilmiy tekshirish ishlari qoʻlyozmalarni kataloglashtirish, manbashunoslik, Sharq fani va madaniyati tarixiga oid yozma manbalarni tarjima va tadqiq etish, islomshunoslik, Sharq mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahvoli, ularning Uzbekiston Respublikasi bilan mavjud aloqalarini oʻrganishga qaratilgan.

1952—81 yillarda In-t fondidagi qoʻlyozmalarning 11 jildli «Sobraniye vostochnыx rukopisey Akademii nauk UzSSR» («Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharq qoʻlyozmalari toʻplami») katalogi, 1998—2000-yillarda qoʻlyozmalarning «Istoriya» («Tarix»), «Yestestvennne nauki» («Tabiiy fanlar»), «Meditsina» («Tabobat»), «Kratkiy katalog sufiyskix proizvedeniy 18—20 vv.» («18—20-asrlar tasavvufiga oid asarlarning qisqa katalogi») nomli mavzu kataloglari, Abu Ali ibn Sino, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Abu Nasr Forobiy, Amir Xusrav Dehlaviy asarlari qoʻlyozmalarining kataloglari, «Katalog Xivinskiy kaziyskix dokumentov 19 — nach. 20 vv.» («19—20-asr boshlariga mansub Xiva qozilik hujjatlari katalogi», 2001-yil), 3 jildli «Oriental Miniatures» («Sharq miniatyuralari») katalogi (2003—2004-yil) nashr etildi. 1950-51 (1-nashr), 1979-82 (2-nashr) yillarda Abu Ali ibn Sinoning «alQonun fit-tibb» («Tib qonunlari») asari (5 jild, 6 kitobdan iborat, oʻzbek va rus tillarida), 1957—75 ylarda Abu Rayhon Beruniyning tanlangan asarlari silsilasi (oʻzbek tilida 4 jildli, rus tilida 7 jildda) chop etildi. AlXorazmiy va alFargʻoniyning mat. va astronomiyaga oid asarlari tarjimalari, Ulugʻbekning «Ziji Koʻragoniy» kitobining ruscha tarjimasi (1996), islom tarixi va tasavvufga oid Imom alBuxoriy, al-Margʻinoniy, al-Moturidiy, naqshbandiya va yassaviya tariqati vakillarining asarlari, Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati fani tarixini yorituvchi qator tadqiqot va tarjimalar; tarix, adabiyot, geog. ga oid bir qancha qoʻlyozmalarning tanqidiy matnlari va tarjimalari, Xorijiy Sharq mamlakatlarining tarixi, adabiyoti, madaniyati tarixi, Oʻzbekistonning bu mamlakatlar bilan boʻlgan diplomatik va madaniy aloqalari boʻyicha monografiyalar, ilmiy maqolalar toʻplamlari, ilmiyommabop risolalar bosib chiqariladi. Intda 7 ta boʻlim, qoʻlyozmalarni taʼmirlash ustaxonasi va fotolaboratoriya boʻlib, 63 ta ilmiy xodim ishlaydi. 1991-yildan in-t «Sharqshunoslik» nomli ilmiy almanax nashr etadi. 1991-yildan in-t Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Turkiya, AQSH, Eron, Kuvayt, Misr, BAA, Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarning ilmiy markazlari bilan hamkorlik qiladi. 1981-yilda institut Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻlgan. 2000-yilda intning qoʻlyozmalar fondi dunyodagi eng boy qoʻlyozmalar majmuasi sifatida YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan.

Ad.: Oʻrinboyev A., Ahmedov A., Mannonov B., Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, T., 1993; Munirov Q., Bebaho xazina, T., 2002.