SHARQIY TIMOR

SHARQIY TIMOR — Janubiy Sharqiy Osiyodagi davlat. Mayd. 14,8 ming km2. Aholisi 952,6 ming kishi (2002). Poytaxti — Dili shahri. Tetum, mambai, papuas va boshqalar xalqlar yashaydi. Rasmiy til — portugal tili. Dindorlarning aksariyati musulmon va katoliklar; aholining bir qismi anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi.

Tabiati. Sharqiy Timor Timor o. ning shim. sharqida joylashgan. Relyefi, asosan, togʻli, eng baland joyi 2960 m; balchiqli vulkanlar bor. Iqlimi subekvatorial, mussonli. Sohilda tra yil davomida 25°—27°. Yillik yogʻin 500 mm atrofida (may — noyab. quruq mavsum).

Tarixi. Sh. T. Portugaliyaning sobiq mustamlakasi. 1974-yil Portugaliya Sh. T. aholisining oʻz huquqini oʻzi belgilash va mustaqillik huquqini tan oldi. 1975-yil noyab. da Sharqiy Timor mustaqilligi uchun inqilobiy front Sh. T. mustaqilligini eʼlon qildi, ammo Indoneziya tarafdori boʻlgan guruxlar Sharqiy Timorni Indoneziyaga qoʻshilganligini bildirdi. Indoneziya oʻz qoʻshinlarini Sharqiy Timorga olib kirdi va unga provinniya maqomini berdi. 1999-yilda oʻtkazilgan referendumda Sharqiy Timor aholisining aksariyati mustaqil davlat qurish tarafdori ekanligini bildirdi. 25 yil davom etgan kurashdan soʻng Sharqiy Timor 2002-yil 20-mayda mustaqillikka erishdi va Shanana Gujmau uning birinchi prezidenti etib saylandi. 2002-yildan BMT aʼzosi. Xoʻjaligi. Iqtisodiyotining asosi — q. x. Eksport uchun kofe, kauchukli daraxt, kokos palmasi oʻstiriladi. Ichki ehtiyoj uchun sholi, makkajoʻxori, shakarqamish, taro, yams, supurgi ekiladi. Echki, yilqi, buyvol boqiladi. Dengizdan baliq ovlanadi. 1980-y. larning boshigacha sandal daraxti yogʻochini chetga olib chiqib ketish katta daromad keltirgan, keyinchalik uni kesish cheklandi. Q. x. xom ashyolarini qayta ishlovchi korxonalar bor. Pul birligi — timor eskudosi, rupiya.