SHARQIY AFRIKA UZILMALAR ZONASI

SHARQIY AFRIKA UZILMALAR ZONASI — Afrika qitʼasi bilan Arabiston ya. o. ning shimoldan jan. gacha choʻzilgan murakkab rift va grabenlardan iborat. Uzunligi qariyb 6500 km boʻlgan bu zona yirik gumbaz va palaxsasimon antiklinal koʻtarilmalar oʻrta qismining tektonik yer yoriqlari boʻyicha choʻkishi, oʻpirilishi natijasida vujudga kelgan. Ularni Turkiya, Suriya va Iordaniyadan boshlab, Qizil dengiz va Afrika orqali Mozambik boʻgʻozigacha kuzatish mumkin. Zona shu yoʻnalishda Oʻlik dengiz, Aqoba, Suvaysh grabenlarini oʻz ichiga oladi va Qizil dengiz, Adan qoʻltigʻi orqali Afrikaning Efiopiya riftlarigacha borib 2 tarmoqqa boʻlinadi. Birinchi tarmoqqa Qizil dengiz va Adan riftining davomidagi Viktoriya koʻlining sharqidan oʻtgan grabenlar va harakatdagi Elgon, Keniya, Kilimanjaro vulkanlari kiradi. Ikkinchi tarmoq Viktoriya koʻlining gʻarbida joylashgan Albert, Eduard, Kivu, Tanganika, Rukva orqali oʻtadi. Ikkala tarmoq ham Nyasti, Shiri grabenlariga borib tutashadi. Sh. A. u. z. proterozoy davrlarida paydo boʻlgan boʻlsa ham, uning rift va grabenlar strukturalarining hosil boʻlishi oligotsenneogen vaqtlariga toʻgʻri keladi. Bu uzilma strukturalar hoz. ham faolligini yoʻqotmagan, chunki hoz. zamonda vulkanlarning otilib turishi va kuchli zilzilalarning boʻlishi shundan darak beradi.