SHARIPOV

SHARIPOV Yoʻldosh (1913, Qoʻngʻirot sh. — 1973.23.7, Nukus) — qoraqalpoq aktyori, rej., teatr arbobi. Qoraqalpogʻiston (1949) va Oʻzbekiston (1957) xalq artisti. Qoraqalpogʻiston milliy teatrining shakllanishiga muhim hissa qoʻshgan. Moskva teatr sanʼati krshida ochilgan Qoraqalpoq studiyasida oʻqigan (1935—39). Oʻz faoliyatini 1932-y. Qoraqalpoq davlat drama teatrida boshlagan va «Arshin mol olon» (U. Hojibekov), «Byurokratlar» (J. Oymurzayev), «Bogʻdagul» (S. Majitov), «Qora yuraklar» (R. Majitov) spektakllarini sahnalashtirgan. 1939—50 va yana 1956-y. dan Qoraqalpoq davlat drama teatrida aktyor va rej. (1961—63 y. lar bosh rej.), 1951—56 y. lar Qoraqalpogʻiston madaniyat ishlari vazirligi qoshidagi sanʼat boshqarmasi boshligʻi. Sharipov ijodi xalq yumoriga boyligi, oʻziga xos milliyligi bilan ajralib turadi. Jeront (Molyer, «Skapenning nayranglari»), Gordey Torsov (N. Ostrovskiy, «Kambagʻallik ayb emas»), Boysari (N. Dovqorayev, «Alpomish»), Makferson (K. Simonov, «Rus masalasi»), Palimbet, Polvon ota (J. Oymurzayev, «OygulAbat», «Amudaryo sohilida») va b. rollari bilan shuhrat qozongan. «Gulsara» (K. Yashin), «Oʻzingdan chiqqan baloga…», «Amudaryo sohilida», «Berdaq» (J. Oymurzayev), «Kambagʻallik ayb emas» (N. Ostrovskiy), «Tozagul» (R. Majitov), «Tobutdan tovush» (A. Qahhor) kabi spektakllarni sahnalashtirgan.