SHAMS QAYS ROZIY

SHAMS QAYS ROZIY (toʻliq ismi — Shamsuddin Muhammad ibn Qays Roziy) (12-a. ning oxiri, Ray — 13-a. ning 1yarmi) — fors adabiyotshunosi. 1205-y. da Buxoroga kelgan. 1207-y. Malik Sanjar isyonini bostirish maqsadida Buxoroni istilo qilgan Muhammad Xorazmshoh olimni oʻz saroyiga daʼvat etgan va u 1219-y. gacha Xorazmda yashagan. Moʻgʻullar hujumi tufayli Xorazmni tashlab, Muhammad Xorazmshoh bilan birga Iroqqa hijrat qilgan. 1219—26 y. lar darbadarlikda hayot kechirgan. Rayda 2-marta asirga tushgan. 1226-y. Fors otabegi Saʼd ibn Zangi xizmatiga kirgan. Donishmand va tajribali Shams Qays Roziy tez orada obroʻeʼtibor qozonib, shohning xos nadimlari qatoridan oʻrin olgan.

«Almoʻjam fi maʼoyiri ashʼoriilajam» («Ajam sheʼr oʻlchovlari lugʻati») kitobi mashhur. «Tibyon ullugʻat atturki alo lison ulqangʻali» («Turkiy tilning qangʻali tilidagi mufassal bayoni»), «Aluyub fi muqaffi ashʼor ularab» («Arab qofiyasining ayblari»), «Kitob ul kofi filaruzayn valqavofi» («Aruz va qofiya xususida batafsil maʼlumot») kabi risolalar ham yozgan boʻlib, ular bizgacha yetib kelmagan.

«Almoʻjam» debocha, 2 qism va xotimadan iborat. Debochada oʻz tarjimayi holi — tugʻilgan joyi, yoshlik yillari, turli mamlakatlarga sayohatlari, moʻgʻullarning Kichik Osiyoga hujumi va ularning dahshatli oqibatlari, sarsonsargardonliklari, Rayda 2-marta asir tushgani, asarning yozilishi sababi va taqdiri xususida fikr yuritadi. Kitobning 1qismi aruzga bagʻishlangan boʻlib, 4 bobni oʻz ichiga oladi. Bu bob aruz haqida maʼlumot, ruknlar va ularning nomlanishi; juzvlar va ruknlar asosida vujudga kelgan vaznlar; aruzdagi oʻzgartirishlar — zihoflar; eski va yangi bahrlar tahliliga bagʻishlangan. 2qism qofiya va badiiy sanʼatlardan iborat boʻlib, u sheʼr va qofiya tabiati; qofiya unsurlari va ularning nomlanishi; qofiya unsurlarining qoʻllanishi va nomlanishi; qofiyaning qoʻllanishi doiralari va qofiya turlarining tasnifi; qofiya qusurlari; badiiy sanʼatlar haqida. Xotima qismida sheʼr va shoirlik xususidagi muhim kuzatishlar bayon etilgan. «Almoʻjam» adabiyotshunoslik haqidagi qad. va mukammal asar boʻlib, sheʼr nazariyasi va shoirlik shartlari, shoir va munaqqid munosabati xususidagi muhim manba hisoblanadi.