SHAYXZODA

SHAYXZODA Mahmud (15-a. oxiri 16-a.) — naqqosh va musavvir. Behzod, Ogʻa Miraklardan taʼlim olgan. Avval Sulton Husayn Mirzo saroyida ijod etgan, keyinchalik (1529-y. Ubaydullaxon Hirotni egallagach) Mir Ali Hiraviy b-n birga Buxoroga kelgan, Behzod anʼanalarini davom ettirib samarali ijod etgan va oʻziga xos maktab yaratgan. Musavvir Hofiz Sheroziyning «Devon»i, Abdurahmon Jomiyning «Tuhfat ulafkor» (AQSH, Vashington, Sakkler galereyasida), «Haft manzar», Nizomiy Ganjaviyning «Mahzan ulasror» (Parij milliy kutubxonasida), Saʼdiy Sheroziyning «Boʻston» (Fransiya, Gulbekiyan va Kayr toʻplamida), «Ravzat ulmuhibbin» (Hindiston, Haydarobod, Salar Jang muzeyida) qoʻlyozmalariga miniatyuralar yaratgan.