SHAVKATLI QALAY KONI

SHAVKATLI QALAY KONI — Oxangaron daryosining oʻng sohilidagi Bobotogʻ intruzivida joylashgan kon. 1967-y. M. A. Ahmedov ochgan. Kon geol. sini U. Rahmedov, I. H. Hamroboyev, A. Sotvoldiyev va b. oʻrgangan. Shavkatli qalay konida quyi trias davriga mansoʻb kvarsporfir, granitporfir va ularni yorib chiqqan diabazporfirlar bor. Kon magmatik jinslarning gidrotermal jarayonda oʻzgargan (kvarslashgan, seritsitlangan, xloritlangan, gematitlangan) 4 ta minerallashgan zonasidan tashkil topgan. Zonalar uz. 250—800 m, eni 5—40 m. Zonalarda mikroklin, seritsit, kvars, magnetit, xlorit, kassiterit, sheyelit, gematit, xalkopirit va b. minerallar bor. Qalay minerali — kassiterit kvars, seritsit, xlorit va b. minerallar bilan bir vaqtda hosil boʻlib, qalay bilan birga uchraydi. Zonalardagi qalayning miqdori 0,003% dan 3,6% gacha. Konda volfram, siyrak yer elementlari va b. elementlar ham bor.