SIRENLAR

SIRENLAR, dengiz sigirlari (Sirenia) — suvda yashaydigan sut emizuvchi hayvonlar turkumi. Gavdasi urchuqsimon, dum suzgichi gorizontal joylashgan. Uz. 6 m gacha, ogʻirligi 400 kg gacha. Oldingi oyoqlari kurak shaklida, orqa oyoqlari boʻlmaydi; boshi kichik, tumshugʻi toʻmtoq; eshitish va hid bilish organlari yaxshi rivojlangan. Burun teshiklarida klapan bor, quloq suprasi va jun qoplami boʻlmaydi. Tishlari reduksiyaga uchragan; faqat yassi oziq tishlari (2 ta dan 8 ta gacha) rivojlangan. Ayrim turlarining tishlari butunlay yoʻq. Oshkrzoni 2 qismdan iborat. Sut bezlari soʻrgichi bir juft. Teri osti yogʻ qatlami ancha qalin. S. tropik dengizlarining qirgʻoklariga yaqin seroʻt joylarida hamda Osiyo, Afrika, Avstraliya va Amerikadagi yirik daryolarda yashaydi. 2 ta oila (lamantinlar, dyugonlar) ga mansub 4 turi uchraydi. Suv tubidagi oʻsimliklar bilan oziklanadi. Goʻshti, yogi va terisi uchun ovlanadi. Soni kamayib bormoqda. Barcha turlari Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. 1741-y. da akad. Steller Komandor orollarida Sirenlarning boshka yirik turini topgan. Bu hayvon uning nomi bilan steller sigiri deb atalgan. Goʻshti va yogi uchun koʻplab ovlanishi tufayli yoʻqboʻlib ketgan. Oxirgi steller sigiri 1768-y. da, yaʼni Steller uni topgandan soʻng atigi 27 yil oʻtgach, otib oʻldirilgan.