SIYOVUSH (Avestoda Siyovarshan, Siyovaxsh — «qora ot») — «Shohnoma» eposi qahramonlaridan biri. Kayoniylaraan. Oʻrta Osiyo xalqlarining mifologik tasavvurlariga koʻra, Quyoshga teng qilinib, umri soʻnayotgan va qayta tirilayotgan maʼbud ramzi. Beruniyga koʻra, Xorazmda hukm surgan afrigʻiylar shajarasi Sdan boshlangan. Xorazmda mil. 1—7-a. larda zarb etilgan tangalardagi chavandoz surati ayrim tadqiqotchilar (SP. Tolstov va b.) tomonidan Siyovushning tasviri deb qabul qilingan. «Shohnoma»ga koʻra, S Kaykovusniig oʻgʻli boʻlib, uni bahodir Rustam tarbiya qilgan. Oʻgay onasi Sudoba Siyovushga shahvoniy mehr qoʻygan, biroq undan rad javobini olgach, Siyovushni oʻzining nomusiga tajovuz qilganlikda ayblagan. Biroq Siyovush gulxan sinovidan oʻtib oʻzini pok, aybsizligini isbot qilgan. Shundan soʻng Siyovush Turon podshosi Frangrasan (Afrosiyob) xuzuriga borgan. Afrosiyob dastlab uni yaxshi qabul qilib, qizi Farangisni bergan, soʻngra makkorlik bilan uni oʻldirgan. Siyovushning qasoskori sifatida oʻgʻli Kayxusrav Turonga otlangan. S Oʻrta Osiyo xalqlari orasida katta shuhrat qozongan. U haqida qissalar, qoʻshiqlar (Buxoroda Siyovushga bagʻishlangan turkum qoʻshiqlar Kini S — «S uchun qasos» yoxud «Mugʻlar yigʻisi» deb atalgan), xalq afsonalari toʻqilgan. Nishopuriyning yozishicha, oʻldirilgan Siyovush jasadi Buxoroning sharqiy darvozasi (Goʻriyon) oldiga koʻmilgan. Har yili Yangi yil kuni quyosh chiqquniga qadar har bir erkak Siyovushga atab xoʻroz soʻyishi lozim boʻlgan. Ajdarho daraxtining mumi «Siyovush qoni» deb ataladi.
Edvard Rtveladze.