SENT-VINSENT VA GRENADINA

SENT-VINSENT VA GRENADINA (Saint Vincent and Grenadines) — Karib dengizidagi SentVinsent o. va Grenadina o. larining shim. qismida joylashgan davlat. Mayd. 389 km2. Aholisi 116 ming kishi (2002). Poytaxti — Kingstaun sh. Maʼmuriy jihatdan 5 tumanga boʻlinadi.

Davlat tuzumi. Sent-Vinsent Va Grenadina va G. — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1979-y. kuchga kirgan. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi boʻlib, uning nomidan generalgubernator ish yuritadi. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat organi — bir palatali parlament (Majlis palatasi). Ijrochi hokimiyatni generalgubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir amalga oshiradi.

Tabiati. SentVinsent o. vulkan otilishidan hosil boʻlgan. Eng bal. joyi 234 m — Sufriyer vulkani. Hozir ham harakatda. Eski vulkanlar tizmasi shim. dan jan. ga tomon pasayib boradi. Grenadina o. lari marjon riflari bilan oʻralgan. Iqlimi tropik, passatli. Oʻrtacha oylik tra 18—32°. Dek. dan apr. gacha quruq mavsum, yillik yogʻin 1500—3700 mm; uning 70% maydan noyab. gacha yogʻadi. Teztez boʻron boʻlib turadi. SentVinsent o. ning markaziy qismi oʻrmon bilan qoplangan, butazorlar ham uchraydi. Hayvonot dunyosi anvoyi qushlar (toʻti, kolibri), turlituman tropik baliqlar va hasharotlardan iborat. Bir necha qoʻriqxona bor.

Aholisining asosiy qismi sentvinsentliklar boʻlib, ular plantatsiyalarda ishlatish uchun mustamlakachilar tomonidan keltirilgan afrikalik neflar bilan indeyslar aralashuvidan hosil boʻlgan mulatlardir. Dindorlarining aksariyati — xristian (protestant)lar. Rasmiy til — ingliz tili.

Tarixi. SentVinsent o. ga 1498-y. X. Kolumb avliyo Vinsent kunida yetib borgan. 17-a. gacha Ispaniya mulki hisoblangan, 1783-y. gacha goh fransuzlar, goh inglizlar qoʻliga oʻtib turgan, nihoyat oʻsha yili Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylantirilgan. 1958—62 y. larda orollar VestIndiya Federatsiyasi tarkibida boʻlgan. 1969-y. «Buyuk Britaniya bilan uyushgan davlat» maqomini oldi. 1979-y. 27 okt. da mustaqillikka erishdi. 1980-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 27 okt. — Mustaqillik kuni (1979).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Xalq taraqqiyoti harakati partiyasi, 2000-y. tuzilgan; Yangi demokratik partiya, 1975-y. asos solingan; Birlashgan leyboristlar partiyasi, 1994-y. tashkil etilgan. Mehnatkashlar milliy harakati kasaba uyushmasi; Ishchilar birlashgan ittifoqi, 1962-y. tuzilgan; S. V. va G. mehnatkashlari ittifoqi, 1943-y. asos solingan.

Xoʻjaligi. Q. x. va xorijiy sayyoqlarga xizmat koʻrsatish iqtisodiyotning asosini tashkil etadi. Yalpi ichki mahsulotda xizmat koʻrsatish sohasining ulushi (shu jumladan, turizm) 71,9%, q. x. ning ulushi 10,6% va sanoat ulushi 17,5% dan iborat. Mehnatga layoqatli aholining 60% q. x. da band. Asosiy q. x. mahsulotlari — banan, kokos yongʻogʻi, mango, muskat yongʻogʻi, kakao, maniok, sitrus mevalar, ildizidan arrorut kraxmali ajratib olinadigan oʻsimliklar. Qoramol, choʻchqa, qoʻy boqiladi. Baliq ovlash rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 73,2 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Mahalliy q. x. xom ashyosini qayta ishlaydigan, toʻqimachilik, poyabzal, farmatsevtika korxonalari bor. T. y. yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. — 1020 km. Asosiy dengiz porti va aeroporti — Kingstaun. Chetga banan, arrorut, xom shakar, kopra va b. chiqaradi, chetdan keng isteʼmol mollari, oziq-ovqat, yoqilgʻi, transport vositalari keltiradi. Asosan, Karib havzasi mamlakatlari, AQSH, Buyuk Britaniya bilan savdo qiladi. Pul birligi — sharqiy karib dollari.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Gaz. va jur. lari: «Gavernment gazett» («Hukumat gazetasi», 1868-y. dan), «Nyu tayme» («Yangi vaqt», haftalik gaz., 1984-y. dan), «Vinsenshn» («Vinsentlik», haftanoma. 1919-y. dan), «Gavernment bulletin» («Hukumat byulleteni»), «Yuniti» («Birlik», 2 haftada bir marta chiqadigan jur.). «Neshnl brodkasting korporeyshn of SentVinsent end Grenadine» hukumat radio va telekoʻrsatuv xizmati mavjud.

Kingstaunda pedagogika inti, texnika kolleji, Milliy muzey, anglikan sobori, botanika bogʻi (1763-y. tashkil etilgan), Sharlott qalʼasi (inglizlarning 18-a. dagi istehkomi) bor.