SEYFERT

SEYFERT (Seifert) Yaroslav (1901.23.9, Praga yaqinidagi Jijkov sh. — 1986.10.1) chex shoiri. 1920-y. «Toʻqqizlar guruhi» nomli avangardizm kayfiyatidagi adabiy toʻgarak ochgan. «Poetizm» uslubi Seyfertning dastlabki kitoblarida seziladi («Koʻzlari yoshli shahar», 1921; «Muhabbatning oʻzi», 1923; «Asal oyi», 1925; «Bulbul yomon kuylayapti», 1926). Keyinchalik uning asarlari mavzusi oʻzgarib, proletar sheʼriyatidan chekingan. 1929-y. da kompartiyadan chiqqan, manifest yozib, unda kompartiyaning senzura siyosatini qoralagan, siyosiy nashriyotlar bilan hamkorlikni toʻxtatgan va sotsialdemokratik partiyaga kirgan. Shundan soʻng siyosatdan tashqaridagi mavzular: umuminsoniy qadriyatlar, muhabbat, bolalik va b. haqida ijod qilgan. 1977-y. yana siyosiy jarayonlarga aralashib, senzurani yoʻqotish, yozuvchilarning eʼtiqod uchun taʼqib qilinishi, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda qamokxonalarga tashlashni qoralab chiqqan. 1980—83 y. lar Seyfertning asarlari, asosan, ingliz tiliga tarjima qilinib, Angliya va AQSHda tarqatilgan. «Bojena Nemsova yelpigʻichi» (1940), «Loyning dubulgʻasi» (1945) va b. toʻplamlari Praga qoʻzgʻoloni, Chexoslovakiyaning fashistlar istilosidan ozod qilinishiga bagʻishlangan. Urushdan keyingi asarlari — «Motsart Pragada» (1946), «Onajon» (1954), «Bola va yulduzlar» (1956), «Qoʻngʻiroklar yasash» (1967) va b. Nobel mukofoti laureati (1984).