SEYSMOMETRIYA

SEYSMOMETRIYA (seysmo… va …metriya) — zilzila paytida grunt, bino va inshootlarning tebranishlarini yozib oluvchi asboblar va usullarni yaratish bilan shugʻullanadigan seysmologiya boʻlimi. Seysmometriya 20-a. boshlaridan rivojlana boshladi. Oʻsha paytlarda gruntningtebranishlari 3 usulda — mexanik, optik va galvanometrik usullarda qayd qilinardi. Bu usullarning ichida galvanometrik usul ancha samarali boʻlib, undan hozir ham foydalaniladi. Seysmik tebranishlarni qayd qiluvchi asbob seysmograf, qayd qilish natijasida paydo boʻlgan yozuv seysmogramma deb ataladi. Yer qimirlashlari, yadro portlashlari va b. qayishqoq toʻlqinlar manbalari taʼsirida vujudga keladigan seysmik toʻlqinlar seysmik st-yalarda uzluksiz qayd qilib turiladi. Seysmometriya gaz va neft konlarini seysmik razvedka qilishda; muayyan hududning geologik tuzilishini seysmik zondlashda muxim rol oʻynaydi. Oʻzbekistonda Seysmometriyaga doir i. t. ishlari, asosan, Oʻzbekiston FA Mexanika va inshootlarning seysmik mustaxkamligi in-tida, Seysmologiya in-tida olib boriladi.