SAMARQAND MINIATYURA MAKTABI

SAMARQAND MINIATYURA MAKTABI — oʻrta asrlarda Samarqandda shakllangan tasviriy sanʼatdagi uslubiy yoʻnalish. Eng rivojlangan davri 14-a. 2-yarmi — 15-a. va 17-a. larga toʻgʻri keladi. Temuriylar davrida Samarqand yirik madaniyat markaziga aylangan, meʼmorlik va kitobat sanʼati beqiyos darajada taraqkiy etgan. Yozma manbalar, saqlanib qolgan sanʼat yodgorliklari Samarqandda tasviriy sanʼat qadimdan rivojlanganligini koʻrsatadi (q. Afrosiyob devoriy rasmlari). Amir Temur bogʻlaridagi saroylar devorlariga mahobatli rasmlar ishlangan, shohona chodirlar tasvirlar bilan bezatilgan, keyinchalik Mirzo Ulugʻbek davrida ham binolar tasviriy lavhalar, syujetli asarlar bilan bezatilgan: shoh, uning yaqinlari va safdoshlari portretlari, qabul marosimlari, ziyofat, safar va jang lavhalari, ov va b. manzaralar aks ettirilgan; ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi devorlariga osmon gumbazi, yulduzlar olamiga taalluqli jismlarning ramziy tasvirlari ishlangan. Xuddi shunday tasvirlar bilan olim Abdurahmon asSoʻfiyning astronomiyaga oid risolasi ham Samarqand miniatyura maktabi vakillari tomonidan bezatilgan. Samarqand miniatyura maktabi ustalari yaratgan rasmlarda voqealar, asosan, manzara zaminida tasvirlanadi; romantik tasvirlarda Oʻrta Osiyo tabiatiga xos manzaralar, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, mahalliy xalq qiyofalari oʻz aksini topgan. Mujassamotdagi originallik, bezak tuzilishi va badiiy ifoda vositalaridagi aniqlik, yirik shakli, kenglikni simmetrik tuzilishi, sokin ritmi va b. oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan Samarqand miniatyura maktabida qiyofalar roʻparadan chizilgan, voqealar pastbaland adirlarda, koʻshk, chodir zaminida tasvirlangan; ayniqsa, zarrin och sariq — och binafsha rangli vazmin kolorit diqqatni tortadi. Ustod Gung, Gʻiyosiddin, Amir Temur saroyida yashagan Xoja Abdulhay, uning shogirdi Pir Ahmad Bogʻishamoliy, Muhammad Murod Samarqandiy va b. S. m. m. ning yirik vakillaridan. Nizomiyning «Xamsa» (1446—47, Istanbuldagi Toʻpqopu saroyida), «Mirzo Ulugʻbek oʻz ayonlari b-n» alohida miniatyura (taxm. 1442, Vashingtondagi Frir galereyasida), Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-ti fondida saqlanayotgan Muhammad Shodining «Fathnoma» (taxm. 16-a. ning 10—20y. lari), «Tarixi Abulxayrxoniy» (taxm. 16-a. 40y.), Firdavsiyning «Shohnoma» (1556), Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» (1628) va b. qoʻlyozma kitoblar Samarqand miniatyura maktabi vakillari tomonidan badiiy bezatilgan. Elmira Ismoilova.