SALPLAR

SALPLAR (Salpae) qobiqlilar kenja tipiga mansub sinf. Koloniya boʻlib erkin suzib yuruvchi dengiz hayvonlari. Voyaga yetgan davrida dumi va xordasi boʻlmaydi. Tanasi bochkasimon; uzunligi bir necha mm dan 33 sm gacha; qalin shaffof qobiq bilan qoplangan; qobiq orqali ichagi va qalqonsimon muskullari koʻrinib turadi. Ogʻiz va kloaka teshiklari tanasining qaramaqarshi tomonlarida joylashgan. Halqumida 1 juft jabra yoriklari bor. Halqumi ustida nerv gangliysi va uning ustida yorugʻlik sezadigan koʻzchasi joylashgan. Jinssiz va jinsiy koʻpayishi gallanib turadi. Jinssiz individi kurtaklanib koʻpayadi; uning qorin tomonidagi boʻrtigʻida birinketin jinsiy koloniya — blastozoidlar hosil boʻlib turadi. Blastozoidlar uzun zanjirga oʻxshab (8—400 tadan individ) ajralib chiqadi. Ular tuxumdonida faqat 1 ta tuxum yetiladi; undan murtak rivojlanadi. Lichinkasi boʻlmaydi. 25 turi maʼlum. Koʻpchilik turlari okeanlarda (Shim. Muz okeanidan tashqari) tarkalgan.